O‘zbekistonda bolalarni himoya qilish uchun 1246 ishonch telefoni ishga tushirildi
O‘zbekistonda bolalarni himoya qilish uchun 1246 ishonch telefoni ishga tushirildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi bolalarga nisbatan zo‘ravonlik va shafqatsiz munosabat holatlari haqida xabar berish uchun 1246 qisqa raqami orqali ishonch telefonini ishga tushirdi. Bu haqda idora matbuot xizmati xabar berdi.
Fuqarolar bolaga nisbatan jismoniy, psixologik yoki jinsiy zo‘ravonlikka, uning ehtiyojlariga beparvolik yoki shafqatsiz munosabatning boshqa shakllariga guvoh bo‘lgan taqdirda, ishonch telefoniga murojaat qilishga chaqirildi.
Shuningdek, 1246 raqami orqali bolaning hayoti yoki sog‘lig‘iga tahdid soluvchi vaziyatlar haqida ham xabar berish mumkin.
Agentlikda murojaat qiluvchining shaxsi maxfiyligi kafolatlanishini maʼlum qildi. Ayni vaqtda koll-markaz test rejimida ishlamoqda.
Idorada har bir bola xavfsiz va qulay muhitda ulg‘ayish huquqiga ega ekanini taʼkidlab, fuqarolarni uning hayoti yoki sog‘lig‘iga tahdid solishi mumkin bo‘lgan holatlar haqida zudlik bilan xabar berishga chaqirdi.