O‘zbekistonda 1-sinfga qabul 20 iyundan boshlanadi

O‘zbekistonda 1-sinfga qabul 20 iyundan boshlanadi

O‘zbekistonda 1-sinfga qabul 20 iyundan boshlanadi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda 2026/2027 o‘quv yili uchun 1-sinfga qabul 20 iyundan boshlanadi va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining elektron xizmatlar portali orqali onlayn tarzda amalga oshiriladi.

Qabul jarayoni ikki bosqichda tashkil etiladi. Birinchi bosqich 20 iyundan 31 iyulgacha davom etib, biriktirilgan mikrozona doirasidagi maktablarga qabulni qamrab oladi. Ikkinchi bosqich esa 1 avgustdan 31 avgustgacha bo‘lib o‘tadi va mikrozonadan tashqari maktablarga ariza topshirish imkonini beradi.

Maʼlum qilinishicha, 1-sinfga qabul davlat elektron xizmatlari orqali amalga oshiriladigan tuman va shaharlar soni 64 tadan 135 tagacha oshirilgan. Shu bilan birga, elektron qabul tizimiga ulangan maktablar soni 1 956 tadan 5 689 tagacha ko‘paygan.

1-sinfga o‘qishga kirish uchun bolalar o‘quv yilida 7 yoshga to‘lishi kerak. 2026/2027 o‘quv yilida 2019 yil 31 dekabrgacha tug‘ilgan bolalar qabul qilinadi.

 

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling