O'zbekiston Vashingtonda bo'lib o'tgan davra suhbatida PPPni muhokama qildi

O'zbekiston Vashingtonda bo'lib o'tgan davra suhbatida PPPni muhokama qildi

O'zbekiston Vashingtonda bo'lib o'tgan davra suhbatida PPPni muhokama qildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 16-aprel kuni Vashington shahrida Jahon banki guruhi va Xalqaro valyuta jamg‘armasining Bahorgi yig‘ilishlari doirasida “Davlat-xususiy sheriklik (PPP) bo‘yicha global saboqlar” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbir Georgetown Psaros Center for Financial Markets and Policy tomonidan tashkil etilib, unda xalqaro moliya institutlari, investitsiya banklari, yirik infratuzilma kompaniyalari hamda davlat organlari vakillari ishtirok etdi.

Davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ilhom Umrzakov ham qatnashib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, xususan, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini rivojlantirish, xususiy investitsiyalarni jalb etish va infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan fikr bildirdi.

Tadbir davomida davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirishda uchrayotgan asosiy muammolar, jumladan siyosiy va tartibga solish tavakkalchiliklari, valyuta va moliyaviy risklar, talab noaniqligi hamda ESG omillari muhokama qilindi. Shu bilan birga, muvaffaqiyatli DXSh loyihalari tajribasi, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish mexanizmlari va xalqaro moliya institutlarining roli yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, infratuzilma sohasida samarali DXSh modellarini joriy etish, banklar va institutsional investorlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish hamda loyihalarni tayyorlash va amalga oshirish sifatini oshirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi.

Mazkur davra suhbati global moliya bozorlari va davlat siyosati chorrahasida yechimlar ishlab chiqishga qaratilgan platforma sifatida xizmat qilib, rivojlanayotgan davlatlar, jumladan O‘zbekiston uchun xususiy kapitalni jalb etish va iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling