O‘zbekiston va Xitoy siyosiy maslahatlar o‘tkazdi

O‘zbekiston va Xitoy siyosiy maslahatlar o‘tkazdi

O‘zbekiston va Xitoy siyosiy maslahatlar o‘tkazdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) —2026 yil 20 aprel kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston va Xitoy Xalq Respublikasi tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida navbatdagi siyosiy maslahatlar raundi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston delegatsiyasini tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Bobur Usmonov, Xitoy tomonini esa tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Lyu Bin boshqardi.

Muzokaralar davomida tomonlar ikki tomonlama munosabatlarning hozirgi holati va istiqbollarini ko‘rib chiqib, hamkorlikning barqaror o‘sishi va ijobiy dinamikasini qayd etdi. Shuningdek, yuqori va eng yuqori darajada erishilgan kelishuvlarni izchil amalga oshirish hamda har tomonlama strategik sheriklikni yana-da mustahkamlash muhimligi taʼkidlandi.

Asosiy eʼtibor savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish hamda qo‘shma infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga qaratildi. Shu bilan birga, yuqori texnologiyalar, “yashil” energetika va raqamli transformatsiya sohalarida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Tomonlar gumanitar sohadagi hamkorlik, jumladan akademik almashinuvlar, taʼlim dasturlari va madaniy tashabbuslarni kengaytirish bo‘yicha fikr almashdi.

Bundan tashqari, mintaqaviy va xalqaro masalalar muhokama qilindi. BMT, SHHT, «Markaziy Osiyo – Xitoy» formati va boshqa ko‘p tomonlama maydonlarda hamkorlikni davom ettirishga tayyorlik tasdiqlandi.

Maslahatlar yakunlariga ko‘ra, tomonlar hamkorlikni yana-da chuqurlashtirish va erishilgan kelishuvlarni amaliy tatbiq etishga o‘zaro manfaatdor ekanliklarini bildirdi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling