Oʻzbekiston va Hindiston farmatsevtika sohasidagi hamkorlikni kengaytiradi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov Hindiston Respublikasiga amalga oshirilayotgan xizmat safari doirasida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov boshchiligidagi delegatsiya tarkibida Hindiston Respublikasidagi O‘zbekiston Elchixonasida tashkil etilgan davra suhbatida ishtirok etdi.
Tadbir Hindiston sanoat konfederatsiyasi (CII) hamkorligida tashkil etildi. Unda CII International Council raisi doktor Vikramjit Singh Sahney, shuningdek, farmatsevtika, kimyo sanoati, bank-moliya va boshqa strategik tarmoqlarda faoliyat yurituvchi yirik hind kompaniyalari rahbarlari va vakillari ishtirok etdi.
Davra suhbatida O‘zbekistonning investitsiyaviy salohiyati, tibbiyot va farmatsevtika tarmoqlarida amalga oshirilayotgan islohotlar, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega ishlab chiqarishlarni tashkil etish, texnologiyalar transferi hamda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Shuningdek, hindistonlik tadbirkorlar O‘zbekistonda investitsiya faoliyatini kengaytirish, qo‘shma korxonalar tashkil etish va ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha o‘z taklif va tashabbuslarini bildirdilar.