7
O‘zbekiston

O‘zbekiston va BMT o‘ta muhim infratuzilmani himoya qilish sohasidagi hamkorlikni mustahkamlamoqda

O‘zbekiston va BMT o‘ta muhim infratuzilmani himoya qilish sohasidagi hamkorlikni mustahkamlamoqda
O‘zbekiston va BMT o‘ta muhim infratuzilmani himoya qilish sohasidagi hamkorlikni mustahkamlamoqda / Foto: SMTI.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 2026-yil 14-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasida himoyasi zaif obyektlar va o‘ta muhim infratuzilmani terrorchilik tahdidlaridan himoya qilish masalalari bo‘yicha uch kunlik milliy darajadagi chuqurlashtirilgan maslahatlashuvlar boshlandi.

Tadbir O‘zbekiston va BMTning Aksilterror boshqarmasi o‘rtasidagi 2026–2027-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni amalga oshirish doirasida o‘tkazilmoqda. Maslahatlashuvlar BMTning Aksilterror boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Davlat xavfsizlik xizmati hamda Ichki ishlar vazirligi akademiyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Maslahatlashuvlarda huquqni muhofaza qiluvchi organlar, tegishli vazirlik va idoralar vakillari, shuningdek, strategik ahamiyatga ega korxonalar mutaxassislari ishtirok etmoqda. BMTning Aksilterror boshqarmasi hamda BMT Xavfsizlik Kengashi Terrorizmga qarshi kurash qo‘mitasining Ijroiya direktorati ekspertlari ma’ruzachi sifatida qatnashmoqda. Xalqaro mutaxassislar o‘ta muhim obyektlarni himoya qilish sohasidagi ilg‘or tajribani taqdim etadi.

Tadbir davomida obyektlarni himoya qilishning tezkor va texnik choralari, terrorchilik hujumlarining oldini olish hamda mas’ul tuzilmalarning bunday hujumlarga javob choralarini ko‘rishga tayyorligi masalalari ko‘rib chiqiladi.

Maslahatlashuvlar yakunida milliy ehtiyojlarni hisobga olgan holda amaldagi mexanizmlarni takomillashtirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqiladi.

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.