O‘zbekiston U19 ayollar terma jamoasi boks bo‘yicha Osiyo chempionati g‘olibi bo‘ldi
O‘zbekiston U19 ayollar terma jamoasi boks bo‘yicha Osiyo chempionati g‘olibi bo‘ldi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Jakarta shahrida o‘tayotgan U19 va U23 yosh toifalari o‘rtasidagi boks bo‘yicha Osiyo chempionatida O‘zbekistonning 19 yoshgacha bo‘lgan qizlar terma jamoasi umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi.
O‘zbekistonlik bokschilar o‘nta vazn toifasidan sakkiztasida ishtirok etib, oltita medalni qo‘lga kiritdi. Ular to‘rtta oltin va ikkita kumush medalga sazovor bo‘ldi. Bu natija jamoaga umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egallash imkonini berdi. Ikkinchi o‘rinni Qozog‘iston terma jamoasi, uchinchi o‘rinni esa Hindiston terma jamoasi egalladi.
O‘zbekistonga oltin medallarni Sabrina Chakomanova (54 kg gacha), Sevara Mamatova (60 kg gacha), Rushanabonu Isoyeva (65 kg gacha) va Samira Turgunova (75 kg gacha) taqdim etdi. Barcha to‘rt nafar sportchi final janglarida raqibalarini 5:0 hisobida mag‘lub etdi. Sabrina Chakomanova Hindiston vakili Joyshri Devini, Sevara Mamatova hindistonlik Chahatni, Rushanabonu Isoyeva Xitoy Taybei vakili Tong Vongni, Samira Turgunova esa Hindiston vakili Anshikani mag‘lub etdi.
Chempionatning kumush medallarini Nazokat Mardonova (51 kg gacha) va Maftuna Yangiyeva (70 kg gacha) qo‘lga kiritdi. Nazokat Mardonova finalda Hindiston vakili Chandrika Pujariga 0:5 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Maftuna Yangiyeva esa hal qiluvchi bahsda Qozog‘iston vakili Kamila Ospanovaga 2:3 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Jakarta shahridagi Osiyo chempionati davom etmoqda. Navbatda medallar uchun kurashga O‘zbekistonning U23 yosh toifasidagi ayollar terma jamoasi vakilalari qo‘shiladi.