Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 2–6 oktyabr kunlari Mirabror Usmonov xotirasiga bag‘ishlangan anʼanaviy xalqaro turnir — «Mirabror Usmonov kubogi-2026» bo‘lib o‘tadi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi xabar berdi.
Unda 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilardan tashkil topgan O‘zbekiston, Saudiya Arabistoni, Armaniston va Rossiya terma jamoalari ishtirok etadi.
To‘rt jamoaning har biri barcha raqiblari bilan uchrashib, uchtadan o‘yin o‘tkazadi. Uchrashuvlar 2, 4 va 6 oktyabr kunlariga belgilangan bo‘lib, har bir o‘yin kunida ikkitadan bahs o‘tkaziladi. Uchrashuvlar soat 14:00 va 17:00 da boshlanadi.
Turnir 2 oktyabr, juma kuni Rossiya va Saudiya Arabistoni terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv bilan ochiladi. Shu kuni kechqurun O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi Armaniston vakillariga qarshi maydonga tushadi.
4 oktyabr, yakshanba kuni Rossiya terma jamoasi Armaniston bilan o‘ynaydi, O‘zbekiston futbolchilari esa Saudiya Arabistoniga qarshi bahs olib boradi.
Turnir 6 oktyabr, seshanba kuni yakunlanadi. Kunduz kuni Saudiya Arabistoni va Armaniston terma jamoalari o‘zaro yakuniy uchrashuvni o‘tkazadi, kechqurun esa O‘zbekiston terma jamoasi Rossiya bilan bahslashadi.