O‘zbekiston terma jamoasi Portugaliyaga yirik hisobda mag‘lub bo‘ldi
O‘zbekiston terma jamoasi Portugaliyaga yirik hisobda mag‘lub bo‘ldi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston milliy terma jamoasi futbol bo‘yicha jahon chempionati guruh bosqichining ikkinchi tur uchrashuvida Portugaliya terma jamoasiga yirik hisobda mag‘lub bo‘ldi.
AQSHning Xyuston shahrida bo‘lib o‘tgan bahs Yevropa vakillarining 5:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. G‘olib jamoa safida Krishtianu Ronaldu 6 va 39-daqiqalarda gol urgan holda dubl qayd etdi. Shuningdek, Nunu Mendesh 17-daqiqada, Rafael Leau esa 87-daqiqada o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi. Undan tashqari, uchrashuvning 60-daqiqasida O‘zbekiston terma jamoasi futbolchisi Abduvohid Nematov o‘z darvozasiga gol kiritdi.
Ushbu g‘alabadan so‘ng Portugaliya terma jamoasi o‘z hisobidagi ochkolar sonini 4 taga yetkazib, K guruhida birinchi o‘ringa ko‘tarildi. Ikkinchi pog‘onadan 3 ochko bilan Kolumbiya joy olgan bo‘lsa, uchinchi o‘rinda 1 ochkoga ega Kongo Demokratik Respublikasi bormoqda. O‘zbekiston terma jamoasi esa hozircha ochko jamg‘armagan holda guruhning so‘nggi pog‘onasida qolmoqda. Shu bilan birga, Kolumbiya va Kongo Demokratik Respublikasi o‘rtasidagi ikkinchi tur uchrashuvi 24 iyun kuniga o‘tar kechasi bo‘lib o‘tadi.
Mazkur guruhdagi uchinchi va hal qiluvchi tur o‘yinlari 28 iyun kuniga o‘tar kechasi o‘tkaziladi. Unda Portugaliya terma jamoasi Kolumbiyaga qarshi maydonga tushsa, O‘zbekiston futbolchilari Kongo Demokratik Respublikasiga qarshi bahs olib boradi.
Eslatib o‘tamiz, joriy jahon chempionatiga AQSH, Kanada va Meksika mezbonlik qilmoqda. Musobaqa tarixda ilk bor 48 ta milliy terma jamoa ishtirokida o‘tkazilmoqda. Amaldagi jahon chempioni Argentina hisoblanadi. Turnirning final uchrashuvi 19 iyul kuni bo‘lib o‘tadi.