O‘zbekiston terma jamoasi Niderlandiyaga mag‘lub bo‘ldi
O‘zbekiston terma jamoasi Niderlandiyaga mag‘lub bo‘ldi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston milliy terma jamoasi Nyu-York shahridagi Icahn Stadium stadionida bo‘lib o‘tgan o‘rtoqlik uchrashuvida Niderlandiya terma jamoasiga mag‘lub bo‘ldi. Uchrashuv 2:1 hisobida Yevropa jamoasi foydasiga yakunlandi.
Uchrashuvda hisob 32-daqiqada ochildi. Niderlandiya terma jamoasi hujumchisi Kodi Gakpo penaltini aniq amalga oshirib, jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi.
Ikkinchi bo‘limda gollandiyaliklar maydonda bir nafar kam bo‘lib qoldi. Gus Til 87-daqiqada qizil kartochka olgach, maydonni tark etdi.
O‘zbekiston terma jamoasi son jihatidan ustunlikdan foydalanib, qo‘shimcha vaqtda hisobni tenglashtirishga erishdi. 90+2-daqiqada Igor Sergeyev gol muallifi bo‘ldi.
Biroq O‘zbekiston terma jamoasi durang natijani saqlab qola olmadi. 90+8-daqiqada hakam yana O‘zbekiston darvozasiga penalti belgiladi va uni Kodi Gakpo aniq amalga oshirib, dubl qayd etdi hamda jamoasiga g‘alaba keltirdi.
O‘rtoqlik uchrashuvi yakunlanganidan so‘ng har ikki jamoa 2026 yilgi Jahon chempionatiga tayyorgarlikni davom ettiradi.
Turnirning guruh bosqichida Niderlandiya terma jamoasi Yaponiya, Shvetsiya va Tunis bilan bahs olib boradi. O‘zbekiston terma jamoasi esa Kolumbiya, Portugaliya va Kongo Demokratik Respublikasiga qarshi maydonga tushadi.