O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Sport

O‘zbekiston shaxmat terma jamoasi Mayamida AQSHga qarshi o‘ynaydi

UzDaily tahririyati · 21.07.2026 · 11:15 · 52 views
O‘zbekiston shaxmat terma jamoasi Mayamida AQSHga qarshi o‘ynaydi

O‘zbekiston shaxmat terma jamoasi Mayamida AQSHga qarshi o‘ynaydi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston shaxmat terma jamoasi 27–28 iyul kunlari Mayami shahridagi Faena Miami Beach mehmonxonasida bo‘lib o‘tadigan WR Chess turniri doirasida AQSH terma jamoasiga qarshi bahs olib boradi. Bu haqda musobaqa tashkilotchilari maʼlum qildi.

Rapid va blis yo‘nalishlarida o‘tkaziladigan musobaqa milliy terma jamoalar ishtirok etadigan WR Chess jamoaviy formati uchun AQSHdagi ilk turnir bo‘ladi.

O‘zbekiston terma jamoasi safida Javohir Sindarov, Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yaqubboyev va Shamsiddin Vohidov ishtirok etadi. Zaxira o‘yinchisi sifatida Muhiddin Madaminov qayd etilgan. AQSH jamoasi tarkibidan Hikaru Nakamura, Fabiano Karuana, Uesli So va Levon Aronyan o‘rin olgan, zaxirada esa Leynyer Dominges bo‘ladi. Uchrashuv klassik Sheveningen tizimi bo‘yicha o‘tkaziladi, unga ko‘ra har bir jamoa aʼzosi raqib jamoaning barcha ishtirokchilariga qarshi dona surishadi.

Tashkilotchilar turnirning asosiy intrigasi sifatida Nakamura va 20 yoshli Javohir Sindarovning navbatdagi to‘qnashuvini ko‘rsatmoqda. Joriy yil bahorida o‘zbekistonlik grossmeyster Kiprda o‘tgan daʼvogarlar turnirida amerikalik shaxmatchini mag‘lub etgan va jahon shaxmat toji uchun rasmiy daʼvogar maqomini qo‘lga kiritgan edi.

Jamoalar tarkibi avlodlar o‘rtasidagi raqobatni ham aks ettiradi. AQSH shaxmat terma jamoasi Olimpiadalarda oltita oltin medalni qo‘lga kiritgan eng nufuzli jamoalardan biri hisoblanadi va uning o‘yinchilarining o‘rtacha yoshi 37,6 yoshni tashkil etadi. 2022 yilgi shaxmat Olimpiadasi g‘olibi bo‘lgan O‘zbekiston terma jamoasining o‘rtacha yoshi esa 21 yoshdir. Tashkilotchilar uni jahon shaxmatidagi eng istiqbolli o‘sib kelayotgan kuchlardan biri deb baholamoqda.

WR Chess asoschisi Vadim Rozenshteynning taʼkidlashicha, tashkilotning asosiy maqsadi shaxmatni yana-da tomoshabop va yangi auditoriya uchun ochiq qilishdan iborat. Uning so‘zlariga ko‘ra, Mayami va Faena majmuasi shaxmat rivojlanayotgan yangi yo‘nalishni aks ettiradi. Turnir WR Chess‘ning xalqaro miqyosdagi faol kengayishi fonida o‘tmoqda. 26 iyun kuni Vadim Rozenshteyn Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) prezidenti lavozimiga o‘z nomzodini qo‘yganini eʼlon qilgan edi. Ushbu saylovlar sentyabr oyi oxirida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.