Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning yalpi majlisida “Davlat veterinariya nazorati takomillashtirilishi munosabati bilan “Veterinariya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Mazkur Qonun veterinariya-sanitariya xavfsizligini taʼminlashning kafolatli tizimini joriy etish, davlat veterinariya nazoratini yana-da takomillashtirish hamda veterinariya to‘g‘risidagi qonunchilikni Jahon savdo tashkilotining qoidalariga muvofiqlashtirishga qaratilgan.
Shu bilan birga, hayvonlar kasalliklarining oldini olish, profilaktika tadbirlarining davolash ishlariga nisbatan ustuvorligi hamda hayvonotga mansub mahsulot va xomashyo xavfsizligini taʼminlash bilan bog‘liq normalar mustahkamlanmoqda.
Qonun bilan “Veterinariya to‘g‘risida”gi Qonunga veterinariya sohasidagi asosiy prinsiplarni belgilash, davlat, idoraviy va ishlab chiqarishdagi veterinariya xizmatlari hamda xususiy veterinariya faoliyatini muvofiqlashtirish, davlat veterinariya xizmati nazorati ostidagi tovarlarni ishlab chiqarish, tayyorlash, qayta ishlash, saqlash, tashish va realizatsiya qilish bilan bog‘liq xavfni tahlil qilish va boshqarishga qaratilgan tuzatishlar kiritilmoqda.
Shuningdek, sohaga oid milliy qonunchilikni xalqaro normalarga, shu jumladan Jahon savdo tashkilotining qoidalari va normalariga uyg‘unlashtirish ham nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, hayvonlarning yuqumli kasalliklari bo‘yicha hududlar va kichik hududlarni (kompartmentlarni) ajratish, ularning xavfsizlik toifalarini belgilash, veterinariya-sanitariya choralarini xavf tahlili asosida qo‘llash hamda davlat veterinariya xizmati nazoratidagi tovarlarni zarur hollarda laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazishga oid tartib ham mustahkamlab qo‘yilmoqda.
Senatorlar fikricha, Qonun milliy qonunchilikni xalqaro normalarga uyg‘unlashtirish, mamlakatimizda veterinariya osoyishtaligi va veterinariya nazoratidagi tovarlarning xavfsizligini taʼminlashga xizmat qiladi.
Senatorlar Qonunni maʼqulladi.