O‘zbekiston MIDa Koreyada fuqaro vafotiga izoh berdi

O‘zbekiston MIDa Koreyada fuqaro vafotiga izoh berdi

O‘zbekiston MIDa Koreyada fuqaro vafotiga izoh berdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Janubiy Koreyada yashab kelgan O‘zbekiston fuqarosi Kim Nozima Akmal qizi vafoti bilan bog‘liq holat yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan maʼlumotlarga izoh berdi.

Vazirlik maʼlumotiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining Seul shahridagi elchixonasi voqea sodir bo‘lgan paytdan boshlab Janubiy Koreya huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlik qilib kelmoqda hamda voqea holatlarini aniqlash va xolis tergov o‘tkazilishini taʼminlash bo‘yicha zarur ishlar amalga oshirilmoqda.

Konsullik yordami doirasida marhumaning onasi Feruza Alimbekova elchixona va mahalliy huquq-tartibot organlari ko‘magida Janubiy Koreyaga taklif etilgan. Joriy yil 14 aprel kuni u advokati va diplomatik vakolatxona vakillari bilan birga Pxyontek shahri politsiyasi tomonidan olib borilayotgan tergov jarayonida ishtirok etgan.

Janubiy Koreya tomoni qo‘shimcha tekshiruv tadbirlari va dastlabki tergov natijalari haqida maʼlumot taqdim etgan. Huquqni muhofaza qilish organlari maʼlumotiga ko‘ra, sud-tibbiy ekspertiza yakunlariga asosan zo‘ravonlik bilan o‘lim belgilari aniqlanmagan.

Shuningdek, qo‘shimcha tahlillar, jumladan toksikologik tekshiruv, qon tahlili va barmoq izlari tekshiruvi o‘tkazilgan. Politsiya maʼlumotiga ko‘ra, zaharli moddalar, dori vositalari, shuningdek tashqi yoki ichki jarohatlar izlari aniqlanmagan.

Uchrashuv davomida marhumaning onasi va advokatiga uning yashash joyi atrofida hamda tibbiy muassasalardagi kamera kuzatuv tasvirlari namoyish etilgan.

Pxyontek politsiyasi vakillari tergov davom etayotganini, uning yakuniy natijalari yaqin qarindoshlarga yetkazilishini maʼlum qilgan.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi elchixona vaziyatni nazoratda ushlab turgani va Koreya tomoni bilan hamkorlikni davom ettirayotganini taʼkidladi. Shu bilan birga, fuqarolarga tekshirilmagan va noto‘g‘ri maʼlumotlarni tarqatmaslik, marhuma xotirasiga hurmat bilan munosabatda bo‘lish chaqirildi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling