Oʻzbekiston va Turkiya qishloq xoʻjaligi sugʻurtasini rivojlantirishni muhokama qilishdi

Oʻzbekiston va Turkiya qishloq xoʻjaligi sugʻurtasini rivojlantirishni muhokama qilishdi

Oʻzbekiston va Turkiya qishloq xoʻjaligi sugʻurtasini rivojlantirishni muhokama qilishdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 29 aprel kuni Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Axadbek Xaydarov Turkiya Qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vazirligi hamda Turkiyaning “TARSIM” sug‘urta jamg‘armasi masʼul boshqaruvchilari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda Turkiyaning Qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vazirligi Agrosug‘urta va tabiiy ofatlar departamenti boshlig‘i, “TARSIM” sug‘urta jamg‘armasi boshqaruv kengashi raisi Kamil O‘zdemir, O‘zbekistondagi Turkiya elchisining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha maslahatchisi Burhan Demirok hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining masʼul xodimlari ishtirok etdi.

Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarini turli tavakkalchiliklardan himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish maqsadida 2025 yil aprel oyida “Qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilingan. Shuningdek, noyabr oyida soha boshqaruvi uchun masʼul yangi institut – Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi jamg‘armasi tashkil etilgan.

Uchrashuv davomida iqlim o‘zgarishining qishloq xo‘jaligiga taʼsirini inobatga olgan holda, mamlakatimizda sug‘urta tizimining riskka asoslangan barqaror faoliyatini taʼminlash bo‘yicha kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Muzokaralar davomida asosiy eʼtibor quyidagilarga qaratildi:\

- qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi bo‘yicha soha xodimlarining malakasini oshirish;
- sug‘urtalash jarayonining barcha bosqichlarida (masalan, arizalarni qabul qilish, yetkazilgan zararlarni baholash, sug‘urta to‘lovlarini amalga oshirish) yuqori samaradorlikni taʼminlash.

Turkiya tomoni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholab, o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun “TARSIM” jamg‘armasi huzurida malaka oshirish kurslarini tashkil etishga tayyor ekanligini bildirdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni tizimli davom ettirish va ko‘zda tutilgan chora-tadbirlarning ijrosini taʼminlash maqsadida qo‘shma “Yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga kelishib oldi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling