Oʻzbekiston va Samara viloyati biznes loyihalarini muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Samara viloyati biznes loyihalarini muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida rais maslahatchisi Alisher Shayxov hamda Samara shahar okrugi rahbarining birinchi o‘rinbosari Yuliya Ashurkova boshchiligidagi delegatsiya ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yana-da rivojlantirish, ayniqsa, korxonalar o‘rtasida tashqi savdo munosabatlarini kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Muzokaralar jarayonida qator ustuvor yo‘nalishlar belgilandi. Jumladan, qurilish va loyihalash ishlari, qurilish materiallari ishlab chiqarish, sohada malakali mutaxassislarni jalb etish, metallurgiya sanoati, qishloq xo‘jaligi hamda IT texnologiyalari yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, o‘zbek va rossiyalik ishbilarmon doiralari o‘rtasida amaliy hamkorlikni kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar amaliy natijalarga yo‘naltirilgan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, uzoq muddatli va barqaror sheriklikni mustahkamlashga kelishib oldilar.