Oʻzbekiston va Italiya in-vitro koʻchat laboratoriyasini tashkil qiladi
Oʻzbekiston va Italiya in-vitro koʻchat laboratoriyasini tashkil qiladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Boku shahrida o‘tayotgan “Caspian Agro Week–2026” xalqaro qishloq xo’jaligi ko‘rgazmasi doirasida qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov hamda Italiyaning Vitroplant Italia SRL kompaniyasi bosh menejeri Jerardo Grilli o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar davomida tomonlar bog‘dorchilik yo‘nalishida hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar. Xususan, meva daraxtlari uchun yuqori sifatli, viruslardan xoli in-vitro ko‘chatlarni ishlab chiqarish va yetkazib berish istiqbollari muhim yo‘nalish sifatida qayd etildi.
Vazir o‘z nutqida O‘zbekistonda 400 ming gektardan ortiq bog‘lar mavjudligini, ularning salmoqli qismi eskirganini va rekonstruksiya talab etishini ta’kidladi. Shu bilan birga, zamonaviy agrotexnologiyalar asosida yuqori hosildor intensiv bog‘larni barpo etish ustuvor vazifa ekani aytib o’tildi.
Shuningdek, Farg‘ona viloyatida 200 gektar maydonda Yevropa navlari asosida namunaviy bog‘lar tashkil etish, shu bilan birga in-vitro laboratoriya va zamonaviy ko‘chatchilik bazasini yaratish rejalari taqdim qilindi.
Italiya tomoni o‘z navbatida kompaniya faoliyati asosan meva ko‘chatlari yetishtirishga ixtisoslashganini, Yevropadagi yirik in-vitro laboratoriyalardan biriga egaligini ma’lum qildi. Kompaniya vakillari sifatli va sertifikatlangan ko‘chatlar yetkazib berish hamda ilg‘or texnologiyalarni transfer qilishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Uchrashuv davomida Agrosanoatni rivojlantirish agentligi hamda Vitroplant Italia SRL o‘rtasida Toshkent viloyatida yiliga 8 million dona ko‘chat yetishtirish quvvatiga ega in-vitro laboratoriya tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Agentlik rahbari Nurali Abdullayevning ma’lum qilishicha, kelishuvga ko’ra laboratoriya 6 oy ichida barpo etilib, to‘liq ishga tushiriladi. Bundan tashqari, tomonlar qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, intellektual mulk va litsenziyalash masalalarini o‘zaro kelishuv asosida tartibga solish yuzasidan ham fikr almashdilar.
Muzokaralar yakunida tomonlar yaqin istiqbolda hamkorlikni amaliy bosqichga olib chiqish, aniq loyihalar doirasida ishchi uchrashuvlarni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.