Oʻzbekiston va Finlyandiya raqamli hamkorlikni kengaytirmoqda
Oʻzbekiston va Finlyandiya raqamli hamkorlikni kengaytirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Finlyandiya Respublikasiga amalga oshirayotgan xizmat safari doirasida Finlyandiyaning Davlat boshqaruvi instituti — HAUS Finnish Institute of Public Managementga tashrif buyurdi hamda institut direktori Kyosti Vyakevyaynen bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokaralar chog‘ida tomonlar 2025-yil 29-oktabr — 1-noyabr kunlari Finlyandiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Stubbning O‘zbekistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi doirasida ikki davlat rahbarlari ishtirokida imzolangan “O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi va Finlyandiyaning Davlat boshqaruvi instituti (HAUS) o‘rtasidagi Anglashuv memorandumi”ning amaliy ijrosi yuzasidan atroflicha fikr almashdilar.
Uchrashuvda davlat xizmatlari shaffofligi va samaradorligini oshirish maqsadida O‘zbekiston davlat boshqaruvi tizimiga ilg‘or fin tajribasini joriy etish, sun’iy intellekt texnologiyalarini ta’lim jarayonlariga integratsiya qilish bo‘yicha qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish, shuningdek, yosh mutaxassislar salohiyatini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Shu bilan birga, AT sohasi xodimlarini qo‘llab-quvvatlash, o‘zbek startaplarining xalqaro bozorlarga chiqishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hamda raqamli innovatsiyalar sohasida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida vazir Sherzod Shermatov HAUS Finnish Institute of Public Management tomonidan Raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi lavozimiga Nina Niva nomzodi yo‘llangani uchun minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, u Nina Nivaning ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash va qo‘shma loyihalarni samarali amalga oshirishga munosib hissa qo‘shishiga ishonch bildirdi.
Raqamli ta’limni rivojlantirish yo‘nalishida HAUS va Raqamli ta’limni rivojlantirish markazi o‘rtasida xamkorlik memorandumi imzolandi. Bunda, HAUSning eOppivia ta’lim platformasini 5 million sun’iy intekllekt yetakchilar (aileaders.uz) platformasiga integratsiya kilish orqali Finlyandiya ta’lim kontentlari o‘zbek foydalanuvchilariga taqdim etiladi.