Oʻzbekiston IFAD bilan hamkorlikni kengaytirmoqda
Oʻzbekiston IFAD bilan hamkorlikni kengaytirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qishloq xo‘jaligi vazirligi mutasaddilari Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi – IFADning mamlakatimizda bo‘lib turgan delegatsiyasi a’zolari bilan uchrashdi.
Unda mamlakatimiz agrar sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, investitsiyaviy muhit va xalqaro hamkorlik istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida “Agrobiznes uchun samarali yechimlar: yuqori daromad, investitsiya va barqarorlik” loyihasiga oid muhim masalalar ko‘rib chiqildi. Qayd etilganidek, mazkur loyiha mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi sohasiga zamonaviy yondashuvlar va ilg‘or tajribalarni joriy etishda muhim qadam bo‘lishi kutilmoqda.
Ta’kidlanishicha, missiya tomonidan tayyorlanadigan loyiha hisoboti Jamg‘armaning direktorlar kengashiga ko‘rib chiqish uchun taqdim etiladi. Bu esa kelgusida yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish, fermer va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, agrobiznesda barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Mazkur muloqot qishloq xo‘jaligi sohasida xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, investitsiyalarni jalb etish va agrobiznesni yangi bosqichga olib chiqish yo‘lida muhim qadam sifatida baholanmoqda.