O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

Farg‘onada Koreya investitsiyasi bilan zavod ishga tushiriladi

UzDaily tahririyati · 06.08.2026 · 21:55 · 22 views
Farg‘onada Koreya investitsiyasi bilan zavod ishga tushiriladi
Farg‘onada Koreya investitsiyasi bilan zavod ishga tushiriladi / Foto: Farg‘ona viloyat hokimligi matbuot xizmati..

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Janubiy Koreyaning “AHA Co., Ltd” kompaniyasi rahbari Ku Gi Do hamda xitoylik hamkor kompaniyalari rahbarlaridan iborat delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuvda Ekoshahardagi korxona qurilishining borishi, IT va taʼlim yo‘nalishidagi qo‘shma loyihalar hamda yangi rejalar haqida so‘z yuritildi.

Mazkur kompaniya viloyatimizdagi loyihaga 20 million dollar miqdorida sarmoya kiritmoqda. Yangi korxonada ichki bozor va eksport uchun interaktiv elektron doskalar (IFPD), elektromobillar uchun zaryadlovchi qurilmalar, tibbiy jihozlar va boshqa turdagi mahsulotlar mahalliy tarzda ishlab chiqariladi.

Viloyat rahbari koreyalik investorning loyihani hayotga tatbiq etishdagi faolligi va masʼuliyatini, yangi hamkorlarni jalb etish hamda investitsiyaviy muhitni kengaytirish borasidagi tashabbuslarini yuqori baholadi.

Kompaniya rahbari Ku Gi Do Ekoshaharda olib borilayotgan loyihaning qurilish-montaj ishlari yakuniy bosqichga kelganini va ishlab chiqarish korxonasi sentyabr oyida ishga tushirilishini maʼlum qildi. Shuningdek, xitoylik hamkorlar bilan birgalikda butlovchi va ehtiyot qismlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, taʼlim va axborot texnologiyalari sohalariga grant mablag‘larini jalb etish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan axborot berdi.

Muloqot davomida loyihani yakunlash va ishga tushirish bilan bog‘liq ayrim masalalar ko‘rib chiqilib, ularning yechimi bo‘yicha masʼullarga tegishli topshiriqlar berildi.

Viloyat hokimi xorijlik hamkorlarning barcha istiqbolli takliflari va tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanishini taʼkidladi.

Muloqot yakunida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish borasida tadbirlar belgilandi.