Oʻzbekiston Bokuda qishloq xoʻjaligi savdo uyini ochdi
Oʻzbekiston Bokuda qishloq xoʻjaligi savdo uyini ochdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Ozarbayjon Respublikasi Boku shahrida bo‘lib o‘tayotgan nufuzli “Caspian Agro Week–2026” xalqaro forumi doirasida “O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdo uyi”ning rasmiy ochilish marosimi o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov, O‘zbekistonning Ozarbayjondagi Favqulodda va muxtor elchisi Bahrom Ashrafxonov, Ozarbayjon Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Mejnun Mamedov, Turkiya Respublikasi qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi vaziri Ibrohim Yumakli hamda Gruziya Atrof-muhitni muhofaza qilish va qishloq xo‘jaligi vaziri David Songulashvili ishtirok etib, savdo uyini ramziy tarzda ochib berishdi.
Ushbu savdo uyi O‘zbekistonning agro salohiyatini xalqaro maydonda namoyish etish, mahalliy ishlab chiqaruvchilar eksport imkoniyatlarini kengaytirish hamda mintaqaviy savdo aloqalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Mazkur tashabbus ikki davlat o‘rtasidagi ochiq va o‘zaro manfaatli hamkorlik siyosatining amaliy ifodasi bo‘lib, iqtisodiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish va strategik sheriklikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, savdo uyi O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining Ozarbayjon bozoriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirib borishini ta’minlab, eksport jarayonlarini soddalashtirish va ishlab chiqaruvchilar uchun yangi bozor imkoniyatlarini yaratishga zamin hozirlaydi.