Namanganda yangi aeroport qurilishi jadallashtiriladi
Namanganda yangi aeroport qurilishi jadallashtiriladi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzaqov 175 million AQSH dollari qiymatidagi investitsiya loyihasi doirasida barpo etilayotgan “Namangan” xalqaro aeroportining yangi yo‘lovchi terminali qurilishi bilan tanishdi.
Joriy yilning 23 iyun kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga amaliy tashrifini aynan ushbu yangi terminal qurilishi maydonidan boshlagan edi.
Loyihaga ko‘ra, 2026 yil oxiriga qadar umumiy maydoni 22,6 ming kvadrat metr bo‘lgan uch qavatli yo‘lovchi terminali qurilishi yakunlanishi rejalashtirilgan. Uning bir soatlik o‘tkazish quvvati 1,2 ming nafar yo‘lovchini, yillik o‘tkazish quvvati esa 3 million nafardan ortiq yo‘lovchini tashkil etadi.
Loyiha doirasida bojxona va chegara nazorati zonalari, biznes-zal, tibbiy punkt hamda Duty Free bojsiz savdo do‘konlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan. Terminal foydalanishga topshirilgach, 550 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Bundan tashqari, 2027 yilga qadar sutkasiga 50 tonnagacha yuk qabul qilish quvvatiga ega yuk terminalini qurish rejalashtirilgan. Bu esa mahsulotlarni dunyoning 90 dan ortiq mamlakatiga eksport qilish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Qurilish maydoniga tashrif yakunlari bo‘yicha Shavkat Abdurazzaqov masʼullarga qurilish ishlari surʼatini jadallashtirish, bajarilayotgan ishlar sifatiga alohida eʼtibor qaratish hamda loyihani samarali amalga oshirish yuzasidan topshiriqlar berdi.