Namangan shifoxonasiga Avstriyadan tibbiy uskunalar yetkazilmoqda
Namangan shifoxonasiga Avstriyadan tibbiy uskunalar yetkazilmoqda
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Namangandagi Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi filialiga muassasani modernizatsiya qilish loyihasi doirasida zamonaviy tibbiy uskunalar yetkazib berish ishlari davom etmoqda.
Loyihani amalga oshirish uchun Namangan viloyati hokimligi Avstriyaning AME International GmbH kompaniyasi bilan 10 million yevro miqdorida shartnoma tuzgan.
Bugungi kunga qadar tibbiyot muassasasiga umumiy qiymati 9,6 million yevro bo‘lgan 63 turdagi 329 ta tibbiy uskuna yetkazib berildi.
Yetkazib kelingan uskunalar bilan Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzaqov tanishdi. U yangi texnikalardan aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatini oshirish maqsadida samarali foydalanish zarurligini taʼkidladi.
Shartnoma shartlariga muvofiq, joriy yil yakuniga qadar shifoxonaga umumiy qiymati 0,4 million yevro bo‘lgan yetti turdagi yana 16 ta tibbiy uskuna yetkazib berish rejalashtirilgan.