Mirziyoyev Si Szinpinga hamdardlik bildirdi
Mirziyoyev Si Szinpinga hamdardlik bildirdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinga Guansi-Chjuan avtonom rayonida yuz bergan suv toshqini hamda Fuszyan provinsiyasida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida ko‘plab insonlar halok bo‘lgani, jabrlanganlar va keng ko‘lamli vayronagarchiliklar munosabati bilan hamdardlik yo‘lladi.
Davlat rahbari halok bo‘lganlarning oila aʼzolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik va dalda so‘zlarini izhor etdi, shuningdek, jabrlanganlarning barchasiga tezroq sog‘ayib ketishini tiladi.
Mavjud maʼlumotlarga ko‘ra, Guansidagi suv toshqini oqibatida kamida 39 kishi halok bo‘lgan, yana to‘qqiz nafar fuqaro bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda.
Yana bir fojia 9 iyul kuni Fuszyan provinsiyasining Syuanchjou shahar okrugiga qarashli Szinszyan uyezdida joylashgan Huiteng poyabzal fabrikasida yuz bergan yong‘in bo‘ldi. Yong‘in sodir bo‘lgan paytda binoda 239 nafar kishi bo‘lgan. Qutqaruv operatsiyasi davomida 213 nafar inson evakuatsiya qilingan, biroq 28 nafar kishi halok bo‘lgan.