Kreditorlarning garov bilan taʼminlangan talablarini qanoatlantirish tizimi takomillashtiriladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Mazkur Qonun bilan Fuqarolik kodeksi, Soliq kodeksi, «Garov to‘g‘risida»gi, «Ipoteka to‘g‘risida»gi, «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Qonun hujjatlariga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, garov bilan taʼminlangan majburiyatning buzilishi quyidagi shartlar bir vaqtning o‘zida mavjud bo‘lgan taqdirda, juda arzimas deb hisoblanadi:
agar garov bilan taʼminlangan, qarzdor tomonidan qoplanmagan majburiyatning summasi garov qiymatining 15 foizidan kamroqni tashkil qilsa;
agar garov bilan taʼminlangan majburiyat bajarilishining kechikishi ketma-ket 3 oydan oshmagan bo‘lsa.
Shuningdek, garov narsasi bo‘lgan mol-mulk garovga qo‘yuvchidan jinoyat yoki boshqa huquqbuzarlik sodir etganlik uchun qonunda belgilangan tartibda olib qo‘yilganda, garovga oluvchida o‘z talablarini ushbu mol-mulk hisobidan ustuvor tarzda qanoatlantirish huquqi saqlab qolinishi ko‘rsatildi.
Bundan tashqari, kreditni muddatidan oldin sud tartibida undirishda, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, kreditor dastlab qarzning belgilangan muddatda qaytarilmagan qismini undirish uchun sudga murojaat qiladi.
Bunda agar qarz oluvchi muddati o‘tgan qarzni to‘liq to‘lamagan taqdirda, kreditor kreditning qolgan barcha summasini muddatidan oldin qaytarish haqidagi talab bilan sudga murojaat qilishga haqli.