Kapital bozori to'g'risidagi qonun Qonunchilik palatasida birinchi o'qishda qabul qilindi
Kapital bozori to'g'risidagi qonun Qonunchilik palatasida birinchi o'qishda qabul qilindi / Surat: O'zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda “Kapital bozori to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, qonun loyihasining maqsadi — mamlakatimizda kapital bozorini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish va zamonaviy moliyaviy vositalardan foydalanish imkoniyatlarini yaratishdan iboratdir.
Shu maqsadda qonun loyihasi bilan aholi va investorlar uchun yangi moliyaviy vositalar, xususan, sukuk — islom obligatsiyalari, barqaror rivojlanish obligatsiyalari, qoplangan va sekyuritizatsiyalangan obligatsiyalar muomalaga kiritiladi. Shuningdek, investorlar va fuqarolarning huquqlarini ishonchli himoya qilish tizimi kuchaytiriladi hamda bozor infratuzilmasi faoliyati tartibga solinib, kapital bozorining investitsiyaviy jozibadorligi oshiriladi.
Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasining bir qancha muhim jihatlariga alohida e’tibor qaratdi. Xususan, loyihada investorlarni jalb qilish, korporativ boshqaruv sifatini oshirish va kompaniyalar tomonidan axborotlarni ochiq-oshkor qilish talablarini kuchaytirish nazarda tutilganiga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, bozorni nazorat qiluvchi organ (regulyator) vakolatlarini Qimmatli qog‘ozlar komissiyalari bo‘yicha xalqaro tashkilot (IOSCO) tamoyillariga muvofiqlashtirish hamda Markaziy depozitariy, reyting agentliklari faoliyatini takomillashtirish zarurligi ta’kidlandi.
Majlisda qayd etilganidek, qonun loyihasining qabul qilinishi va amaliyotga tatbiq etilishi natijasida moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlari yanada kengayadi, zamonaviy va jozibador investitsiya vositalari paydo bo‘ladi. Bundan tashqari, investorlarning huquq va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinib, yanada qulay va ochiq-shaffof muhit yaratiladi. Eng muhimi, mamlakat iqtisodiyotiga ham mahalliy, ham xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish imkoniyati oshadi, kapital bozori raqobatbardosh bo‘ladi.
Qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.