O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Sport

Kannavaro O‘zbekistonning Portugaliyadan mag‘lubiyatini baholadi

UzDaily tahririyati · 24.06.2026 · 11:00 · 25 views
Kannavaro O‘zbekistonning Portugaliyadan mag‘lubiyatini baholadi

Kannavaro O‘zbekistonning Portugaliyadan mag‘lubiyatini baholadi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro jahon chempionati guruh bosqichi ikkinchi turida Portugaliyaga qarshi uchrashuvdan keyin o‘tkazilgan rasmiy matbuot anjumanida ishtirok etdi. Mazkur bahsda o‘zbekistonlik futbolchilar raqibga 0:5 hisobida imkoniyatni boy berishdi.

Italiyalik mutaxassis respublika tarixidagi ilk jahon chempionati ishtirokining oson kechishi mumkin emasligini taʼkidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qurʼa natijasida K guruhidan Portugaliya va Kolumbiya kabi kuchli jamoalar o‘rin olganidan keyin murabbiylar shtabi va futbolchilar musobaqaning naqadar murakkab bo‘lishini yaxshi anglab yetgan edi.

Yirik hisobdagi mag‘lubiyatga qaramasdan, Fabio Kannavaro o‘z shogirdlarini qo‘llab-quvvatladi va Kolumbiyaga qarshi ilk uchrashuvdan keyin qanday faxr tuyg‘usini his qilgan bo‘lsa, bugun ham jamoasidan shunday g‘ururlanishini aytdi. Bosh murabbiy o‘zbekistonlik futbolchilar maydonda jiddiy qiyinchiliklarga duch kelganiga qaramay, matonat ko‘rsatgani va so‘nggi hushtakka qadar kurashni to‘xtatmaganini alohida taʼkidladi.

Italiyalik murabbiy raqib jamoaga ham munosib baho berdi. Uning taʼkidlashicha, har bir chizig‘ida yuqori saviyali futbolchilar jamlangan jamoaga qarshi o‘ynash har doim juda qiyin hisoblanadi.

Kannavaro shuningdek, Portugaliya terma jamoasi bahsga yuqori darajadagi motivatsiya bilan chiqqanini qayd etdi. Biroq u O‘zbekiston terma jamoasi uchun debyut jahon chempionatidagi har bir uchrashuv kelajakdagi professional o‘sish uchun zarur bo‘lgan beqiyos xalqaro tajriba vazifasini o‘tayotganini taʼkidladi.

UzDaily tahririyati · 👁 25 views · 24.06.2026 · 11:00