Kannavaro: O‘zbekiston terma jamoasining o‘yini yaxshilandi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston milliy futbol terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro tayinlanganidan buyon jamoaning o‘yin sifati yaxshilanganini maʼlum qildi. Bu haqda italiyalik mutaxassis matbuot anjumanida gapirdi.
«Men kelganimdan beri milliy terma jamoaning o‘yini yaxshilandimi? Mening javobim — ha», — dedi Kannavaro.
Uning so‘zlariga ko‘ra, xorijlik murabbiy kelganidan so‘ng darhol natija kutish to‘g‘ri emas.
«Terma jamoaga xorijlik murabbiy kelsa, ertasi kuniyoq u “Barselona”dek o‘ynashini kutish noto‘g‘ri. Muammo kutilmalarda», — dedi u.
Kongo Demokratik Respublikasi terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuviga to‘xtalgan Kannavaro birinchi bo‘limda jamoa sifatli o‘yin ko‘rsatganini, ammo tanaffusdan keyin o‘yin o‘zgarib ketganini taʼkidladi.
«Kongo Demokratik Respublikasiga qarshi o‘yinning birinchi bo‘limida O‘zbekiston yaxshi o‘ynadi. Ikkinchi bo‘limda esa biz boshqacha o‘ynay boshladik. Bu qo‘rquv tufaylimi yoki boshqa sababdanmi, bilmayman», — dedi bosh murabbiy.
Kannavaro yana bir bor uning yillik maoshi 4 million yevro ekani haqidagi xabarlarni rad etdi.
«Mening yillik maoshim 4 million yevro emas. Ha, bu maʼlumot tez-tez tarqatiladi, ammo bu yolg‘on», — deya taʼkidladi u.
Shuningdek, mutaxassis o‘yinlar davomida futbolchilar o‘rtasida muloqot yetishmasligiga ham eʼtibor qaratdi.
«O‘zbekistonlik futbolchilarning muammolaridan biri — ular deyarli bir-biri bilan muloqot qilmaydi. Ilk bor o‘yin vaqtida futbolchilar o‘rtasida umuman muloqot bo‘lmayotganini ko‘rib hayratda qoldim. Biz shu jihatni ham yaxshilashga harakat qildik», — dedi Kannavaro.