Kannavaro Masharipovning Jahon chempionatida qatnashmagani sababini tushuntirdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston milliy futbol terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Jaloliddin Masharipov murabbiylar shtabi va shifokorlarning uni tiklash bo‘yicha qilgan saʼy-harakatlariga qaramay, sog‘lig‘idagi jiddiy muammolar tufayli Jahon chempionatida ishtirok eta olmaganini maʼlum qildi.
Hisobot matbuot anjumanida italiyalik mutaxassis yarim himoyachining musobaqada qatnashmaganiga tizza jarohati emas, balki Kanada terma jamoasiga qarshi uchrashuvdan keyin yuzaga chiqqan umurtqalararo churra asosiy sabab bo‘lganini aytdi.
«Ehtimol, uning avvalgi xizmatlari va darajasini inobatga olib, Jahon chempionatiga olib ketgan dunyodagi yagona ahmoq murabbiy menman. Uni turnirga olib borish uchun juda katta ishlarni amalga oshirdik», — dedi Kannavaro.
Uning so‘zlariga ko‘ra, u futbolchi bilan shaxsan Dubay va Rim shaharlarida uchrashgan, shuningdek, o‘yinchini turnirga tayyorlash maqsadida turli mutaxassislar bilan maslahatlashgan.
«Masharipovning asosiy muammosi tizzasida emas, balki Kanadaga qarshi o‘yindan keyin namoyon bo‘lgan umurtqalararo churrada edi. Toshkentdagi o‘rtoqlik uchrashuvidan keyin uning oyoqlari holatidagi farq juda katta ekanini ko‘rdik.
Shuning uchun uni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun Dubayga yubordik. Ammo aynan belidagi muammolar unga Jahon chempionatida o‘ynash imkonini bermadi», — dedi murabbiy.
Kannavaroning qo‘shimcha qilishicha, Masharipov sakkiz-to‘qqiz oy davomida rasmiy hamda o‘rtoqlik uchrashuvlarida maydonga tushmagan. Shuningdek, uning aytishicha, terma jamoada Aziz G‘aniyev, Xo‘jiakbar Alijonov, Odiljon Hamrobekov va Behruz Karimov ham jarohat olgan futbolchilar qatorida bo‘lgan.
«Masharipovga hatto yurish ham qiyin edi. Ammo biz uni Jahon chempionatiga olib borish uchun barcha imkoniyatlardan va mutaxassislardan foydalandik. Balki aynan shu yo‘lda qo‘limdan kelgan barcha ishni qilganim mening eng katta xatoyim bo‘lgandir. Men uning his-tuyg‘ularini juda yaxshi tushunaman, chunki o‘zim ham jarohat sabab Yevropa chempionatini o‘tkazib yuborganman. U Jahon chempionatida o‘ynashga munosib edi. U ajoyib inson va yuqori saviyali futbolchi», — dedi bosh murabbiy.
U, shuningdek, jarohat tufayli Husniddin Aliqulov ham turnirni o‘tkazib yuborganini, biroq Kannavaro taʼkidlaganidek, bu holatga ancha kam eʼtibor qaratilganini qayd etdi.
Jamoatchilik munosabati haqida fikr bildirgan italiyalik mutaxassis bu holat uning xorijlik murabbiy ekani yoki Masharipov atrofidagi odamlarning pozitsiyasi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi.
«Rostini aytsam, muammo nimada ekanini to‘liq tushunmayman. Balki men xorijlik bo‘lganim uchundir. Yoki Masharipovga yaqin odamlar uni faol qo‘llab-quvvatlab, noroziligini bildirgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda ham o‘yladim. Ammo men ajoyib mamlakatda ishlayapman, o‘zbek xalqini juda yaxshi bilaman — ular juda mehmondo‘st insonlar», — dedi Kannavaro.
Bosh murabbiy, shuningdek, nega Turgunboyev va Erkinov Jahon chempionati uchun yakuniy tarkibga kiritilmaganiga ham izoh berdi.
«Menda Turgunboyev va Erkinovga nisbatan hech qanday muammo yo‘q. Men ularni chempionatdagi so‘nggi o‘yinlaridan kelib chiqqan holda yakuniy tarkibga kiritmadim. Keyingi vaqtlarda ular ligada avvalgi darajadagi o‘yinni ko‘rsata olmayapti. Shuningdek, jismoniy holatini ham hisobga olib, ularni milliy terma jamoaga chaqirmaslikka qaror qildim», — dedi Kannavaro.