JSST rahbari O‘zbekiston tibbiyotidagi islohotlar natijalarini yuqori baholadi

JSST rahbari O‘zbekiston tibbiyotidagi islohotlar natijalarini yuqori baholadi

JSST rahbari O‘zbekiston tibbiyotidagi islohotlar natijalarini yuqori baholadi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Bosh direktori Tedros Gebreyesus bilan o‘zaro hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi rejalar yuzasidan muloqot qildi.

Uchrashuvda qayd etilganidek, O‘zbekiston 1992 yil JSSTga aʼzo bo‘lgan. Tashkilotning yurtimizdagi vakolatxonasi 1993 yildan buyon faoliyat yuritib kelyapti.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hamda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘rtasidagi hamkorlik izchil rivojlanib bormoqda.

Tomonlar mamlakatda tizimni modernizatsiya qilish, tibbiy xizmatlar sifatini oshirish va aholi salomatligini muhofaza qilishga qaratilgan qator yo‘nalishlarda hamkorlik qilib kelyapti.

Xususan, O‘zbekistonda epidemiologik nazoratni kuchaytirishda JSSTning ko‘magi katta. Bu, ayniqsa, koronavirus pandemiyasi davrida yaqqol namoyon bo‘ldi.

Qolaversa, yuqumli va yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning oldini olish, onalar va bolalar salomatligini yaxshilash, shuningdek, tibbiyot xodimlarining malakasini oshirishga qaratilgan loyihalar amalga oshirilyapti.

Shu bilan birga, raqamli tibbiyotni joriy etish, shoshilinch tibbiy yordam tizimini takomillashtirish va birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini kuchaytirishda hamkorlikdagi qo‘shma dasturlar muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Hozirda yurtimiz Sog‘liqni saqlash vazirligi va JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi o‘rtasida imzolangan 2025–2030 yillarga mo‘ljallangan besh yillik hamkorlik dasturi ijrosiga kirishilgan.

O‘z navbatida, “2026–2030 yillarda Markaziy Osiyoda salomatlik va farovonlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishlab chiqilgan "Yo‘l xaritasi” kelishish bosqichida.

Mazkur hamkorlik O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimi barqarorligini taʼminlash, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini to‘liq xalqaro standartlar darajasiga olib chiqishga xizmat qiladi.

Uchrashuvda JSST rahbari Tedros Gebreyesus mamlakatimiz tibbiyotidagi transformatsiya jarayonlari va islohotlarning dastlabki amaliy natijalarini yuqori baholadi.

Xususan, aholini malakali birlamchi tibbiy yordam bilan qamrab olish, skrining dasturlari, profilaktik tadbirlar, mahallalardagi patronaj xizmati, sohani raqamlashtirish, ayniqsa, vazirlikdagi "Raqamli sog‘liqni saqlash markazi", kadrlar malakasini oshirish, ixtisoslashgan xizmatni quyi bo‘g‘inga tushirish, shifoxonalar boshqaruviga ilg‘or xorijiy menejmentni tatbiq etish borasidagi mamlakatimiz tajribasi alohida eʼtirof etildi.

Binobarin, mehmon O‘zbekistonda onalar va bolalar o‘limi ko‘rsatkichining keskin kamayishini quvonarli natija sifatida taʼkidladi. O‘z navbatida, JSST yurtimizdagi tibbiyot xodimlarining bilim va malakasini oshirishga qaratilgan treninglar o‘tkazishga yaqindan ko‘maklashishini maʼlum qildi.

Muloqotda istiqboldagi o‘zaro hamkorlikka doir yana boshqa masalalar ko‘rib chiqilib, qator yo‘nalishlarda muhim kelishuvlarga erishildi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling