IQVIA Oʻzbekistondagi farmatsevtika bozori tahlilini taqdim etdi
IQVIA Oʻzbekistondagi farmatsevtika bozori tahlilini taqdim etdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2026 yil 30 aprel kuni Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligida direktor Abdulla Azizov hamda dunyoning yetakchi analitika va raqamli yechimlar kompaniyasi - IQVIA vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida kompaniya tomonidan O‘zbekiston farmatsevtika bozorining joriy holati, o‘sish surʼatlari va asosiy tendensiyalari bo‘yicha tahliliy maʼlumotlar taqdim etildi. Xususan, mamlakat farmatsevtika bozori mintaqada jadal rivojlanayotgan bozorlar qatoriga kirishi va barqaror o‘sish dinamikasiga ega ekani alohida taʼkidlandi.
Shuningdek, farmatsevtika bozorining investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, bozor maʼlumotlari shaffofligini kuchaytirish, regulyator muhitni takomillashtirish hamda xalqaro investorlar uchun axborot imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan takliflar ko‘rib chiqildi.
IQVIA MIDAS global maʼlumotlar bazasi hamda Agentic AI texnologiyalari taqdim etilib, ular orqali bozorni chuqur tahlil qilish, ustuvor yo‘nalishlarni aniqlash, mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun eksport imkoniyatlarini baholash va asoslangan strategik qarorlar qabul qilish imkoniyatlari namoyish etildi.
Bundan tashqari, xalqaro referent narxlarni avtomatlashtirilgan tarzda hisoblash va shaffof narx siyosati yuritishga xizmat qiluvchi Price Monitor tizimi ham taqdim etildi. Ushbu yechim turli davlatlar kesimida narxlarni tahlil qilish, milliy metodologiyalar asosida hisob-kitoblarni amalga oshirish hamda qaror qabul qilish jarayonlarini optimallashtirish imkonini beradi.
Uchrashuv yakunida tomonlar farmatsevtika sohasida zamonaviy raqamli va analitik yechimlarni joriy etish, investitsiya muhitini yana-da yaxshilash hamda ilg‘or xalqaro tajribalarni O‘zbekiston amaliyotiga tatbiq etish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldilar.