Hindiston xalqaro reyslar uchun sanitar nazoratni kuchaytirdi

Hindiston xalqaro reyslar uchun sanitar nazoratni kuchaytirdi

Hindiston xalqaro reyslar uchun sanitar nazoratni kuchaytirdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Hindiston hukumati xalqaro reyslar yo‘lovchilari uchun qo‘shimcha sanitariya-epidemiologik nazorat choralarini joriy qildi. Bu haqda Uzbekistan Airways matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlumotga ko‘ra, mazkur choralar Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan Afrikaning ayrim davlatlarida, jumladan Kongo Demokratik Respublikasi va Ugandada Ebola virusi keltirib chiqargan kasallik tarqalishi haqidagi maʼlumotlardan so‘ng profilaktik monitoringni kuchaytirish doirasida qabul qilingan.

Yangi talablarga muvofiq, Hindistonga xalqaro reyslar orqali kelayotgan yo‘lovchilar Yo‘lovchi deklaratsiyasi shaklini (Self-Declaration Form, SDF) to‘ldirishi shart. Hujjatda safar marshruti, aloqa maʼlumotlari va salomatlik holati haqidagi maʼlumotlar ko‘rsatiladi.

Aviakompaniya yo‘lovchilarga uchishdan oldin deklaratsiya shakli bilan tanishib chiqish va zarur maʼlumotlarni oldindan tayyorlab qo‘yishni tavsiya qildi.

Shuningdek, tashuvchi kompaniya xodimlari parvoz vaqtida deklaratsiyani to‘ldirish tartibi va amaldagi talablar bo‘yicha yo‘lovchilarga qo‘shimcha tushuntirishlar berishi mumkinligi qayd etilgan.

Yo‘lovchilarga o‘z salomatligi holatini diqqat bilan kuzatib borish, o‘zini yomon his qilish alomatlari paydo bo‘lgan taqdirda bu haqda havo kemasi ekipajiga xabar berish yoki manzilga yetib borgach tibbiy yordamga murojaat qilish tavsiya etilgan.

Xabarda taʼkidlanishicha, mazkur choralar profilaktik xususiyatga ega bo‘lib, xalqaro aviatashuvlarda sanitariya-epidemiologik xavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling