Fargʻona viloyatida 800 oʻrinli shifoxona quriladi
Fargʻona viloyatida 800 oʻrinli shifoxona quriladi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xodjayev hamda Saudiya Arabistoni Podshohligi Sog‘liqni saqlash vaziri Fahd bin Abdurahmon Al-Jalajil boshchiligidagi delegatsiya ishtirokida “Fergana Hospital” loyihasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Qayd etilganidek, Saudiya Arabistonining “Vision International Investment Company” kompaniyasi bilan davlat-xususiy sheriklik asosida Farg‘ona viloyatida 800 o‘rinli zamonaviy ko‘p tarmoqli shifoxonani xalqaro standartlarga muvofiq loyihalashtirish, moliyalashtirish, qurish, jihozlash hamda uzoq muddatli texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha muhim kelishuvga erishilgan.
Loyihaning umumiy investitsiyaviy qiymati qariyb 300 million AQSH dollarini, qurilish muddati esa 36 oyni tashkil etadi. Mazkur shifoxona Markaziy Osiyoda DXSh modeli asosida amalga oshirilayotgan eng yirik sog‘liqni saqlash obyektlaridan biriga aylanishi kutilmoqda.
Yangi tibbiyot majmuasi Farg‘ona viloyatidagi beshta ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasasini yagona kompleksga birlashtiradi. Natijada viloyat hamda unga tutash hududlar aholisi uchun kardiojarrohlik, neyrojarrohlik, organlar transplantatsiyasi, nefrologiya va ortopediya yo‘nalishlarida uchinchi darajali yuqori texnologik tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari yanada kengayadi.
Shuningdek, majmua tarkibida 160 o‘rinli intensiv terapiya va shoshilinch tibbiy yordam bo‘limlari hamda barcha zarur yordamchi klinik xizmatlar faoliyati yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan.
Taqdimotda ushbu loyihani amalga oshirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.