Farg‘ona va Germaniya kasb-hunar ta’limi sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda

Farg‘ona va Germaniya kasb-hunar ta’limi sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda

Farg‘ona va Germaniya kasb-hunar ta’limi sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘on viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Germaniyadan tashrif buyurgan kasbiy taʼlim provayderlari delegatsiyasini qabul qildi.

Uchrashuvda Germaniya Taʼlim, oila, keksalar, ayollar va yoshlar ishlari federal vazirligi huzuridagi “iMOVE – Training Made in Germany” tarmog‘iga aʼzo tashkilotlar bilan kasbiy taʼlim sohasidagi hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi.
 
Muloqotda Farg‘ona viloyatida zamonaviy o‘quv markazlarini tashkil etish, xorijiy tillarni o‘qitish, mehnat bozori talablariga mos mutaxassislar tayyorlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Delegatsiya vakillari qurilish, avtomobilsozlik, tibbiyot, axborot texnologiyalari, logistika kabi turli yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan taʼlim dasturlari hamda mutaxassislar bandligini taʼminlash bo‘yicha tajribalari haqida maʼlumot berdilar.
 
Shuningdek, Germaniyada talab yuqori bo‘lgan kasblar va bu boradagi mavjud imkoniyatlar yuzasidan fikr almashildi.

Viloyat rahbari kasbiy taʼlimni rivojlantirish, zamonaviy kasblarga o‘rgatish va aholining bandligini taʼminlash bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biri ekanini taʼkidlab, mazkur yo‘nalishdagi tashabbuslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuvda Farg‘ona viloyatida barpo etilayotgan yirik o‘quv markazi kelgusida mazkur hamkorlik loyihalarini amalga oshirish uchun muhim platforma bo‘lishi qayd etildi.
 
Farg‘ona viloyatida inson kapitali salohiyatini yuksaltirish, yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘qitish va xalqaro mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlash borasidagi saʼy-harakatlarni yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan hamkorlik masalalari kelishib olindi.

Maʼlumot o‘rnida: “iMOVE” - Germaniya hukumati tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan xalqaro tashabbus bo‘lib, u Germaniyaning kasbiy taʼlim va malaka oshirish (VET) tizimini xorijda targ‘ib qiladi. Mazkur tashabbus loyihasi Kasbiy taʼlim federal instituti (BIBB) huzurida faoliyat yuritadi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling