O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

Boʻstonliq tumanida Gʻarbiy Tyan-Shan oʻrmonlarini saqlab qolish tajribasi taqdim etildi

UzDaily tahririyati · 05.07.2026 · 11:10 · 33 views
Boʻstonliq tumanida Gʻarbiy Tyan-Shan oʻrmonlarini saqlab qolish tajribasi taqdim etildi

Boʻstonliq tumanida Gʻarbiy Tyan-Shan oʻrmonlarini saqlab qolish tajribasi taqdim etildi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi O‘rmon agentligi tomonidan Bo‘stonliq tumanidagi Burchmulla davlat o‘rmon xo‘jaligiga press-tur tashkil etildi.

Tadbirda O‘rmon agentligi mas’ullari, Burchmulla davlat o‘rmon xo‘jaligi mutaxassislari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Ma’lumot o‘rnida, Burchmulla davlat o‘rmon xo‘jaligi 1947-yilda tashkil topgan. Xo‘jalikning umumiy yer maydoni qariyb 380 ming gektar bo‘lib, shundan o‘rmon bilan qoplangan maydon 80 ming gektardan ortiq, madaniy o‘rmonlar qariyb 3 ming 800 gektar, tutashmagan o‘rmonlar qariyb 3 ming 880 gektar, ko‘chatxona va niholxonalar 55 gektardan ortiq hisoblanadi.

Xo‘jalik Chotqol, Pskom, Sijjak, Sargardon, Xumson, Oqbuloq, Chakak, Burchmulla, Qorong‘uto‘qay, Aygaing  va Jo‘rakbau bo‘limlaridan tashkil topgan. Hududda Chakak, Ozodbosh hamda Yusufxona kabi ko‘chatxona va niholxonalari mavjud.

Tadbir davomida ishtirokchilar xo‘jalik tomonidan barpo etilgan himoya o‘rmonlari, manzarali daraxtzorlar, mavjud ko‘chatxona va niholxonalarda sifatli urug‘dan yuqori navli ko‘chat yetishtirishgacha bo‘lgan jarayonlar bilan tanishishdi.   

Xo‘jalikda joylashgan ko‘chatxonalarda turli xil daraxt ko‘chat va nihollari parvarish qilinadi. Jumladan, qrim qarag‘ayi, archa (mojjevennik), sharq tuyasi, kashtan, dub, lipa, yasen, klyon, terak, qayrog‘och, yapon saforasi, grek yong‘og‘i, bodom, na’matak, olma, o‘rik, olxo‘ri va olcha kabi mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari yetishtiriladi.

Ta’kidlash joizki, Burchmulla davlat o‘rmon xo‘jaligi G‘arbiy Tyanshan hududining oltita tog‘ tizmalarini qamrab oladi. Hududda 1 ming 800 ga yaqin o‘simlik turi mavjud bo‘lib, 80 dan ortig‘i O‘zbekiston Respublikasi “Qizil kitob”iga kiritilgan. Qolaversa xo‘jalik hududida hayvonot dunyosining 230 xilga yaqin turlari yashaydi. Shundan 32 ta turi O‘zbekiston va Xalqaro “Qizil kitob”lariga kiritilgan.

Ahamiyatlisi, Burchmulla davlat o‘rmon xo‘jaligi hududidan Chotqol, Koksu, Pskom va Ugom daryolari oqib tushib, Chirchiq daryosini hosil qiladi. Bu daryo Toshkent shahri va viloyatini ichimlik suvi bilan ta’minlaydi.