Sirdaryo viloyatida shahar va tuman chegaralari o'zgartiriladi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O'zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari Guliston, Shirin va Yangiyer shaharlari, shuningdek, Sirdaryo viloyatidagi bir nechta tumanlar chegaralarini o'zgartirish to'g'risidagi qaror loyihasini qo'llab-quvvatladilar.
Taklif etilayotgan chegara o‘zgartirishlariga muvofiq, Guliston tumanidan 527,23 gektar va Boyovut tumanidan 582,0 gektar yer maydonini Guliston shahri tarkibiga hamda Boyovut tumanidan 638,77 gektar yer maydonini Shirin shahri tarkibiga o‘tkazish nazarda tutilmoqda.
Guliston va Shirin shaharlari viloyatdagi aholi eng zich joylashgan hudud hisoblanib, chegaralarning kengayishi shaharda aholi zichligini kamaytirishga, transport qatnovini yaxshilashga, hududda yirik loyihalar uchun zamin yaratib, xorijiy va mahalliy investitsiyalar oqimini ko‘paytirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, hududda yangi sanoat zonalari, texnoparklar va yuqori texnologiyali korxonalar tashkil etishga, qurilish, xizmat ko‘rsatish va sanoat sohalarida o‘n minglab yangi ish o‘rinlari yaratilib, aholi daromadlarini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni belgilashga sharoit yaratadi.
Majlisda chegaralarga o‘zgarishlar kiritish masalasi tegishli mahalla fuqarolar yig‘inlari, xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlari hamda viloyat Kengashida muhokama qilinib, chegaralarning kartografik chizmasi va chegaralar chizig‘ining tasnifi ma’qullangani qayd etildi.
Ushbu masala yuzasidan qaror loyihasi deputatlar tomonidan ma’qullandi.