BMT vakili O‘zbekistonni mintaqaviy muloqot platformalarini muvaffaqiyatli rivojlantirayotgani bilan tabrikladi
BMT vakili O‘zbekistonni mintaqaviy muloqot platformalarini muvaffaqiyatli rivojlantirayotgani bilan tabrikladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Kaxa Imnadze poytaxtimizda o‘tkazilayotgan Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha Termiz muloqotining ikkinchi yig‘ilishi haqida fikr bildirdi:
– Termiz muloqoti muhim xalqaro kelishuv maydoni va amaliy hamkorlik platformasi hisoblanadi. Ushbu nufuzli tadbirning ikkinchi bor o‘tkazilayotgani mazkur tashabbus allaqachon barqaror va izchil jarayonga aylanganini ko‘rsatadi. Bu yig‘ilish O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilgari surilgan keng qamrovli mintaqaviy muloqot va hamkorlik siyosatining ajralmas qismi hisoblanadi.
Termiz muloqotini O‘zbekiston tomonidan so‘nggi yillarda ilgari surilayotgan Samarqand va Farg‘ona muloqot platformalari bilan uyg‘unlikda ko‘rish mumkin. Bu tashabbuslarning barchasi o‘zaro bog‘liq bo‘lib, qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Bugungi muloqotning asosiy mavzusi o‘zaro bog‘liqlik masalasi bo‘lsa-da, uning yanada muhim jihati o‘zaro ishonch muhitini shakllantirishga qaratilgan. Zero, ishonch barqarorlik, tinchlik, xavfsizlik va taraqqiyotning eng muhim sharti hisoblanadi. Bunday platformalar xalqlar, jamiyatlar va madaniyatlarni yaqinlashtirishda muhim ahamiyatga egadir.
Markaziy va Janubiy Osiyo xalqlarini umumiy tarix va sivilizatsion ildizlar bog‘lab turadi. Bugungi kunda turli ziddiyatlar va bo‘linishlar kuzatilayotgan sharoitda mamlakatlar va xalqlarni birlashtiradigan muloqot maydonlarining ahamiyati tobora ortib bormoqda.
Shu munosabat bilan, O‘zbekistonni ushbu muhim tashabbus bilan yana bir bor tabriklayman. Ayniqsa, mazkur platformalarning bir-birini to‘ldirib, o‘zaro uyg‘unlik yaratayotgani alohida e’tirofga loyiq.
Anjuman O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti va Tashqi ishlar vazirligi tomonidan OHICHK bilan hamkorlikda tashkil etilgan.
Forumda Markaziy va Janubiy Osiyo, Yevropa, MDH, Janubiy Kavkaz, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi, Yaqin Sharq va Amerikadan 150 dan ortiq siyosiy, ishbilarmon va ekspert doiralari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillari ishtirok etmoqda.
Muloqot hamkorlari va ishtirokchilari orasida BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi, BMTning Afg‘onistonga ko‘maklashish bo‘yicha missiyasi, shuningdek yetakchi “aql markazlari”, ilmiy-tadqiqot muassasalari va tinchlikparvar tuzilmalar, shu jumladan Xalqaro suv resurslarini boshqarish instituti, Progressiv islohotlar markazi, Konrad Adenauer jamg‘armasi, Bergxof jamg‘armasi, PeaceNexus, Search for Common Ground, Jorjtaun universiteti va boshqa tashkilotlar bor.