O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

Ayrim issiqxonalar uchun soliqlarni 10 barobar oshirish taklif etildi

UzDaily tahririyati · 21.07.2026 · 13:30 · 50 views
Ayrim issiqxonalar uchun soliqlarni 10 barobar oshirish taklif etildi

Ayrim issiqxonalar uchun soliqlarni 10 barobar oshirish taklif etildi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi Soliq kodeksiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi. Hujjatda Toshkent shahri va Toshkent viloyatining ayrim tumanlarida joylashgan issiqxona xo‘jaliklari uchun mol-mulk solig‘i va yer solig‘i stavkalarini oshirish taklif etilgan.

Loyihaga muvofiq, o‘n barobarlik soliq stavkalari Toshkent shahri, shuningdek, Toshkent viloyatining Yuqorichirchiq, Qibray, Yangiyo‘l, Zangiota va Toshkent tumanlarida joylashgan issiqxonalarga nisbatan qo‘llanilishi taklif qilinmoqda. Bunda ushbu obyektlarga amaldagi soliq imtiyozlari tatbiq etilmaydi.

Isitish qurilmalari (qozonxonalari) demontaj qilingan, shuningdek, elektr isitish tizimidan foydalanuvchi issiqxonalar uchun istisno nazarda tutilgan. Bunday issiqxonalar haqidagi maʼlumotlarni ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi vakolatli organ taqdim etadi.

Xuddi shunday tartib mazkur issiqxonalar joylashgan yer uchastkalariga nisbatan ham qo‘llanilishi taklif etilmoqda. Ular uchun yer solig‘i qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar uchun belgilangan stavkaning o‘n barobari miqdorida, soliq imtiyozlari qo‘llanilmagan holda hisoblanadi. Qozonxonasi bo‘lmagan va elektr isitishdan foydalanuvchi issiqxonalar uchun bu holatda ham istisnolar nazarda tutilgan.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi taʼkidlashicha, taklif etilayotgan o‘zgartishlar energiya resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, shuningdek, zamonaviy va ekologik barqaror issiqxona infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan.