AKFA AQSHdagi ilk zavodi qurilishini boshladi
AKFA AQSHdagi ilk zavodi qurilishini boshladi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — AKFA kompaniyasi AQSHda yangi ishlab chiqarish majmuasi qurilishiga tamal toshi qo‘yish marosimini o‘tkazdi. AKFA Aluminum Solutions zavodi Kentukki shtatining Bouling-Grin shahrida barpo etiladi va u o‘zbekistonlik kompaniyaning Amerika Qo‘shma Shtatlari hududidagi birinchi ishlab chiqarish korxonasiga aylanadi.
Kompaniya maʼlumotiga ko‘ra, loyihani amalga oshirish doirasida 331 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Korxona qurilishi AKFAning xalqaro bozorlardagi ishtirokini yana-da kengaytirishning navbatdagi bosqichi sifatida baholanmoqda.
Kompaniyada taʼkidlanishicha, mazkur loyiha ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish va xorijiy bozorlarda yangi faoliyat yo‘nalishlarini rivojlantirish strategiyasini aks ettiradi.
Materialda, shuningdek, Way II platformasi investorlari uchun maʼlumot ham keltirilgan. Unda yangi zavodning ishga tushirilishi Akfa Aluminium Group‘ning keyingi rivojlanishi va uning xalqaro faoliyati yana-da kengayib borayotganining tasdig‘i sifatida baholangan.