Uzum infratuzilmaga 500 mln dollardan ziyod sarmoya kiritdi
Uzum infratuzilmaga 500 mln dollardan ziyod sarmoya kiritdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Uzum ekotizimi O‘zbekistonning raqamli va logistika infratuzilmasini rivojlantirishga 500 million AQSH dollaridan ortiq sarmoya kiritganini maʼlum qildi.
Kompaniya, shuningdek, yaqin bir necha yil ichida infratuzilmani yana-da kengaytirish uchun qo‘shimcha ravishda yana bir necha yuz million dollar investitsiya yo‘naltirish niyatida ekanini bildirdi.
Kompaniya maʼlumotiga ko‘ra, Uzum Market hamkorlari mamlakatdagi eng yirik elektron tijorat logistika majmuasidan foydalanmoqda. 2026–2028 yillarda Uzum Toshkent shahrida ham, hududlarda ham logistika quvvatlarini sezilarli darajada oshirishni rejalashtirmoqda.
Kompaniya allaqachon saralash markazi va yirik hajmli tovarlar uchun ombor majmuasini qurish loyihasini amalga oshirishni boshlagan. Infratuzilma kengaytirilgandan so‘ng Uzum Market sutkasiga 600 mingta tovarni qayta ishlash quvvatiga erishishni, shuningdek mebel, maishiy texnika va boshqa yirik hajmli mahsulotlarni saqlash uchun 26 mingta palleta joyini tashkil etishni rejalashtirmoqda.
Markaziy logistika xabidan tashqari, kompaniya hududiy infratuzilmani ham rivojlantirishda davom etmoqda. Ayni paytda hamkorlar uchun Samarqand, Farg‘ona, Jizzax, Qarshi, Namangan, Navoiy, Buxoro, Urganch va Termiz shaharlarida joylashgan to‘qqizta kross-doking ombori xizmat ko‘rsatmoqda.
Kompaniya taʼkidlashicha, raqamli va logistika infratuzilmasiga yo‘naltirilayotgan investitsiyalar mamlakat iqtisodiyotining uzoq muddatli rivojlanishiga, tadbirkorlar biznesini kengaytirish uchun shart-sharoit yaratishga hamda O‘zbekiston aholisining respublika bo‘ylab tovarlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.