O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

JAZ va ​​Banner Batterien batareya ishlab chiqarishni muhokama qilishdi

UzDaily tahririyati · 08.07.2026 · 23:15 · 32 views
JAZ va ​​Banner Batterien batareya ishlab chiqarishni muhokama qilishdi

JAZ va ​​Banner Batterien batareya ishlab chiqarishni muhokama qilishdi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — "Oʻzeltexsanoat" uyushmasi tashabbusi bilan Avstriyaning yetakchi akkumulyator ishlab chiqaruvchilaridan biri - "Banner Batterien", Oʻzbekistonning JAZ aksiyadorlik jamiyati hamda "Oʻzeltexsanoat" uyushmasi rahbariyati ishtirokida videokonferensaloqa (VKS) shaklida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Uchrashuvda Oʻzbekistonda avtomobil akkumulyator batareyalarini ishlab chiqarish sohasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda Markaziy Osiyo bozoriga yoʻnaltirilgan qoʻshma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Xususan, tomonlar JAZ ishlab chiqarish bazasida "Banner" brendi ostida avtomobil akkumulyatorlarini ishlab chiqarishni tashkil etish, AGM va litiy-ion (Li-ion) akkumulyator batareyalarini ishlab chiqarish texnologiyalarini oʻzlashtirish, texnologiyalar transferi va texnik qoʻllab-quvvatlashni taʼminlash, shuningdek, mahsulotlarni ichki bozorga yetkazib berish hamda MDH va Markaziy Osiyo mamlakatlariga eksport qilish istiqbollari bo'yicha fikr almashdilar.

Shuningdek, JAZ tomonidan mavjud ishlab chiqarish quvvatlari, mahalliylashtirish imkoniyatlari va investitsiya loyihalari taqdim etildi. "Banner Batterien" vakillari esa Oʻzbekistonning investitsiya muhiti, avtomobil sanoati va akkumulyatorlar bozorining yuqori salohiyatini qayd etib, hamkorlikni rivojlantirishga qiziqish bildirdi.

Muzokaralar yakunlari boʻyicha tomonlar texnik va tijorat masalalarini birgalikda ishlab chiqish, hamkorlikning keyingi bosqichlarini belgilash hamda doimiy ishchi muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar.