Savdo-sanoat palatasi va The Asia Foundation hamkorlikni kengaytiradi
Savdo-sanoat palatasi va The Asia Foundation hamkorlikni kengaytiradi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 30-iyun kuni Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligida The Asia Foundation (TAF) vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar davlat xaridlari tizimini takomillashtirish, institutsional salohiyatni mustahkamlash hamda ilm-fan, ta'lim va sanoat integratsiyasini rivojlantirish yo‘nalishlaridagi istiqbolli hamkorlik masalalarini muhokama qildilar.
Uchrashuv avvalida Agentlik direktori tomonidan mamlakatimizda davlat xaridlari tizimini takomillashtirish, sanoatni rivojlantirish, ilm-fan va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash hamda inson kapitalini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma'lumot berildi. O‘z navbatida, The Asia Foundation vakillari tashkilotning Osiyo va Tinch okeani mintaqasidagi faoliyati, ustuvor yo‘nalishlari hamda amalga oshirilayotgan dasturlarni taqdim etdilar.
Muloqot davomida davlat boshqaruvi va davlat xaridlari tizimida shaffoflik va halollik tamoyillarini mustahkamlash, korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajribalarni joriy etish hamda zamonaviy boshqaruv yondashuvlarini qo‘llash masalalariga alohida e'tibor qaratildi.
Shuningdek, davlat organlari va davlat xaridlari sohasi mutaxassislarining institutsional salohiyatini oshirish maqsadida o‘quv dasturlari, malaka oshirish kurslari, trening va seminarlarni tashkil etish, xalqaro ekspertlar ishtirokida tajriba almashish mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish istiqbollari muhokama qilindi.
Tomonlar, shuningdek, universitetlar, ilmiy-tadqiqot institutlari va sanoat korxonalari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, amaliy ilmiy ishlanmalarni ishlab chiqarishga joriy etish, texnologiyalar transferini qo‘llab-quvvatlash hamda innovatsion ekotizimni rivojlantirish bo‘yicha AQSH Davlat departamenti dasturlari doirasida qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashdilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar mazkur yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni rivojlantirish, salohiyatni oshirishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda muloqotni izchil davom ettirishga kelishib oldilar.