AQSHda aysberg karami bilan bog‘liq Cyclospora avj oldi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — AQSHning 17 shtatida aysberg karamini isteʼmol qilish bilan bog‘liq Cyclospora infeksiyasining 10 930 ta holati qayd etildi.
Avj olish oqibatida 454 kishi shifoxonaga yotqizilgan, ikki kishi vafot etgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oziq-ovqat xavfsizligi qo‘mitasi xabar berdi.
Holat yuzasidan tekshiruvni AQSH Oziq-ovqat va farmatsevtika mahsulotlari sifatini nazorat qilish boshqarmasi (FDA) hamda AQSH Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari (CDC) olib bormoqda.
FDA maʼlumotlariga ko‘ra, 2026 yil 20 avgust holatiga epidemiologik tekshiruv qayd etilgan kasallanish holatlarini qayta ishlangan aysberg salati bilan bog‘lagan. Mahsulot Meksikaning markaziy hududlarida yetishtirilgan va Taylor Farms de Mexico kompaniyasi tomonidan yetkazib berilgan.
Tekshiruv natijalari munosabati bilan kompaniya 2026 yil 17 iyul kuni tegishli mahsulotlarni AQSH bozoridan ixtiyoriy ravishda qaytarib olishni boshlagan.
Ushbu holat Amerika bozoriga mo‘ljallangan oziq-ovqat mahsulotlariga qo‘yiladigan sanitariya va mikrobiologik xavfsizlik talablariga eʼtiborni kuchaytirdi.
AQSHga oziq-ovqat hamda meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchi korxonalar uchun yetishtirish va qadoqlash bosqichlarida gigiyena talablariga rioya qilish, foydalaniladigan suv sifatini nazorat qilish va mahsulotning kuzatuvchanligini taʼminlash muhim ahamiyatga ega.
Shuningdek, eksportchilarga FDA tomonidan belgilangan oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi talablariga rioya qilish tavsiya etiladi, deya taʼkidladi O‘zbekiston Respublikasi Oziq-ovqat xavfsizligi qo‘mitasi.