Andijonda 6,9 MVt quvvatli kichik GES ishga tushirishga tayyorlanmoqda
Andijonda 6,9 MVt quvvatli kichik GES ishga tushirishga tayyorlanmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Andijon viloyati Buloqboshi tumanida o‘rnatilgan quvvati 6,9 MVt bo‘lgan JFK-3 kichik gidroelektrostansiyasining qurilishi yakunlanish arafasida. Obyekt yaqin vaqt ichida ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
Stansiyadagi ishlar holatini “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi Islom Abdurahmonov o‘rgandi.
Tashrif davomida u loyihaning joriy holati bilan tanishib, obyektda ishlayotgan mutaxassislar va xodimlar bilan suhbat o‘tkazdi hamda ularning tayyorgarlik darajasi, kasbiy ko‘nikmalari va texnika xavfsizligi masalalariga alohida eʼtibor qaratdi.
Hozirgi vaqtda gidroelektrostansiyada uskunalarni yakuniy texnik sinovdan o‘tkazish ishlari hamda hududni obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.
Stansiya ishga tushirilgandan so‘ng, u o‘rtacha yiliga 33 million kVt·soat ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqaradi.
Bu hududda elektr taʼminoti barqarorligini oshirishga hamda mamlakat energetika balansida qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini ko‘paytirishga xizmat qiladi.