O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

Yaroqlilik muddati o‘tgan tovarlarni sotishga qarshi choralar kuchaytirilmoqda

UzDaily · 17.06.2026 · 21:25 · 149 views
Yaroqlilik muddati o‘tgan tovarlarni sotishga qarshi choralar kuchaytirilmoqda

Oʻzbekistonda muddati oʻtgan tovarlarni sotganlik uchun jarimalar oshiriladi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Deputatlar yaroqlilik muddati o‘tgan va yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagan holda tovarlarni realizatsiya qilish hamda sotishning oldini olishga qaratilgan qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqdi.

Ta’kidlanganidek, amalda yaroqlilik muddati o‘tgan, ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilishi shartligi belgilangan tovarlarni ularning ishlab chiqarilgan sanasi va  yaroqlilik muddatini ko‘rsatmagan holda realizatsiya qilish va sotishga qabul qilganlik uchun javobgarlik belgilangan.

Biroq shunga qaramay, bugungi kunda ayrim savdo do‘konlarida ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilishi shartligi belgilangan tovarlarni ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagan holda realizatsiya qilish va sotish uchun qabul qilish natijasida inson salomatligiga ta’sir etuvchi holatlar oshib bormoqda.

Mazkur holatlar iste’mol bozorida xavfsizlikni ta’minlashni, aholi salomatligiga xavf tug‘diruvchi holatlarning oldini olishni, tadbirkorlik subyektlarining mas’uliyatini yanada oshirish va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan preventiv choralarni kuchaytirishni taqozo etmoqda.

Ushbu qonun loyihasi esa iste’molchilar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish, tovarlarning yaroqlilik muddatiga oid talablarga qat’iy rioya etilishini ta’minlashga qaratilgan.

Qonun loyihasi bilan “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeksning 178-moddasiga tegishli o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Xususan, yaroqlilik muddati o‘tgan, shuningdek, ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilishi shartligi belgilangan oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagan holda realizatsiya qilish va sotish maqsadida qabul qilganlik uchun ma’muriy huquqbuzarlik bo‘yicha jarimalar miqdorini oshirish nazarda tutilyapti. Hujjatning asosiy maqsadi aholi salomatligi va hayotini mustahkamlashdan iborat.

Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasining ahamiyati, ayni chog‘da zaruratini e’tiborga olib, undagi ayrim normalar bo‘yicha qonun tashabbuskorlariga aniqlashtiruvchi savollar berdi. Xususan, 178-moddaning yettinchi qismida yaroqlilik muddati o‘tgan yoki muddati ko‘rsatilishi shart bo‘lgan holatlar bo‘yicha qoidalar buzilgan holatda javobgarlik kuchaytirilayotgani, biroq ushbu moddaning oltinchi qismida xuddi shu masala uchun javobgarlik kuchaytirish nazarda tutilmayotgani bilan bog‘liq masalalar ko‘tarildi. Shuningdek, loyihani yanada takomillashtirish yuzasidan fikr-mulohazalar, taklif va tavsiyalar bildirildi.

Savol-javoblardan so‘ng, qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.

UzDaily · 👁 149 views · 17.06.2026 · 21:25