Xorvatiya Panamani mag‘lub etib, imkoyatni saqlab qoldi
Xorvatiya Panamani mag‘lub etib, imkoyatni saqlab qoldi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Xorvatiya milliy terma jamoasi futbol bo‘yicha jahon chempionati guruh bosqichining ikkinchi tur uchrashuvida Panama terma jamoasi ustidan g‘alaba qozondi. Kanadaning Toronto shahrida bo‘lib o‘tgan bahs Yevropa vakillarining 1:0 hisobidagi ustunligi bilan yakunlandi.
Ushbu qarama-qarshilikdagi yagona va hal qiluvchi golga hujumchi Ante Budimir mualliflik qildi. U uchrashuvning 54-daqiqasida raqib darvozasini ishg‘ol etib, jamoasiga muhim g‘alabani taqdim etdi.
Ikkinchi tur yakunlariga ko‘ra, L guruhida peshqadamlikni 4 ochko to‘plagan Angliya terma jamoasi saqlab qolmoqda. Gana milliy terma jamoasi ham shuncha ochkoga ega. Ushbu g‘alaba orqali Xorvatiya futbolchilari o‘z hisoblaridagi ochkolar sonini 3 taga yetkazib, turnir jadvalida uchinchi o‘rinni mustahkamladi. Ikki uchrashuvda ham mag‘lubiyatga uchragan Panama terma jamoasi esa ochkosiz qolmoqda va muddatidan avval jahon chempionati pley-off bosqichiga chiqish imkoniyatini yo‘qotdi.
Guruh bosqichining uchinchi va hal qiluvchi turida Panama terma jamoasi Angliyaga qarshi maydonga tushadi. Xorvatiya terma jamoasi esa guruhdan chiqish uchun muhim ahamiyatga ega bahsda Gana bilan kuch sinashadi. Ushbu kvartetning barcha uchrashuvlari 28 iyun kuniga o‘tar kechasi bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy jahon chempionati AQSH, Kanada va Meksika tomonidan birgalikda qabul qilinmoqda. 19 iyul kuni yakunlanadigan musobaqada jahon futboli tarixida ilk bor 48 ta milliy terma jamoa ishtirok etmoqda. Amaldagi jahon chempioni esa Argentina terma jamoasi hisoblanadi.