“Uzbekistan Airports” AQShdagi investitsiya loyihalarini taqdim etdi

“Uzbekistan Airports” AQShdagi investitsiya loyihalarini taqdim etdi

“Uzbekistan Airports” AQShdagi investitsiya loyihalarini taqdim etdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — "Uzbekistan Airports" kompaniyasi 13-aprel kuni Boston va 14-aprel kuni Nyu-York shaharlarida bo‘lib o‘tgan “Uzbekistan Investor Day” xalqaro tadbirida ishtirok etdi.

Forum xalqaro moliya institutlari, yirik investitsiya kompaniyalari va strategik hamkorlarni birlashtirdi. Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekistonning investitsiyaviy salohiyati hamda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar bilan tanishtirishdan iborat bo‘ldi.

Tadbir doirasida "Uzbekistan Airports" delegatsiyasi Citigroup, JPMorgan Chase, Artisan Partners, Xtellus Capital Partners va Nomura Capital Partners kabi yetakchi xorijiy banklar hamda investitsiya tashkilotlari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Hamkorlarga kompaniyaning so‘nggi yillardagi transformatsiyasi natijalari, asosiy moliyaviy ko‘rsatkichlari, korporativ boshqaruv tamoyillari va aeroport infratuzilmasini rivojlantirish rejalari taqdim etildi.

Xalqaro investorlar O‘zbekiston aviatsiya sohasiga hamda kompaniya bilan hamkorlik istiqbollariga katta qiziqish bildirdilar. Tomonlar o‘zaro aloqalarning ustuvor yo‘nalishlari va sheriklikning ehtimoliy formatlarini muhokama qildilar.

Tadbirning eng muhim natijalaridan biri — JPMorgan Chase bilan hamkorlik memorandumining imzolanishi bo‘ldi. Mazkur hujjat kapital bozorlarida hamkorlikni rivojlantirish, jumladan, yevroobligatsiyalar chiqarish va boshqa moliyaviy vositalardan foydalanishni ko‘zda tutadi.

“Uzbekistan Investor Day”da ishtirok etish kompaniyaning xalqaro moliya bozorlaridagi mavqeini mustahkamlash hamda mamlakat infratuzilma loyihalariga investitsiyalarni jalb qilish imkoniyatlarini kengaytirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling