Ikki qurilish kompaniyasi noqonuniy reklama uchun jarimaga tortildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi qurilish kompaniyalari Elita Stroy Building va Glamur Gold‘ga reklama to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini buzgani uchun moliyaviy sanksiyalar qo‘lladi.
Qo‘mita maʼlum qilishicha, 2020 yil 27 maydagi PQ-4732-son Prezident qarori bilan tasdiqlangan ulushli ishtirok asosida ko‘p kvartirali uy-joylarni qurish to‘g‘risidagi nizomga muvofiq, qurilish kompaniyalariga obyektlarni ulushli ishtirok shartnomalari asosida fuqarolar mablag‘larini jalb qiluvchi kompaniyalarning elektron reyestriga kiritilishidan oldin ularni reklama qilish taqiqlangan.
Tekshiruv davomida Qo‘mita Elita Stroy Building va Glamur Gold kompaniyalari tomonidan qurilayotgan turar joy majmualari tegishli elektron reyestrga kiritilmaganini aniqladi. Shunga qaramay, ushbu obyektlarning reklamasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan.
Qo‘mita xabar berishicha, «Reklama to‘g‘risida»gi qonunning 16-moddasida qonunchilik bilan ishlab chiqarilishi yoki realizatsiya qilinishi taqiqlangan tovarlar va xizmatlarni, shuningdek, qonunda nazarda tutilgan ruxsat beruvchi hujjatlar mavjud bo‘lmagan tovarlar va xizmatlarni reklama qilish taqiqlangan.
Materiallar ko‘rib chiqilishi yakunlari bo‘yicha Qo‘mitaning maxsus komissiyasi har ikki kompaniyani qonunchilik talablarini buzgan deb topdi va ularga nisbatan moliyaviy sanksiyalar qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Bundan tashqari, qurilish kompaniyalariga qonunbuzilishlarni to‘xtatish hamda kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik haqida bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi.