O‘zbekistonliklar Qirg‘izistonda 15 kungacha ro‘yxatdan o‘tmay yuradi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston fuqarolari Qirg‘iziston hududida majburiy ro‘yxatdan o‘tmasdan 15 sutkagacha bo‘lishlari mumkin bo‘ladi. Hozirgi besh kunlik muddat o‘rniga yangi tartib joriy etiladi. Tegishli protokol O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov o‘rtasidagi muzokaralar yakunlari bo‘yicha 30 iyul kuni imzolandi.
Hujjat O‘zbekiston va Qirg‘iziston hukumatlari o‘rtasida 2006 yil 3 oktyabrda imzolangan fuqarolarning o‘zaro safarlari to‘g‘risidagi Bitimga o‘zgartishlar kiritishni nazarda tutadi. Imzolangan hujjatlarni almashish marosimi ikki davlat rahbarlari ishtirokida bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida taʼkidlanganidek, protokol qo‘shni davlat hududida bo‘lish qoidalarini soddalashtirish orqali fuqarolarning o‘zaro safarlari tartibini yana-da liberallashtirishga qaratilgan.
Hujjatga ko‘ra, O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolari davlat chegarasini kesib o‘tgan paytdan boshlab 15 sutka davomida qabul qiluvchi tomonning vakolatli organlarida doimiy yoki vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tish majburiyatidan ozod qilinadi.
Hozirda Qirg‘iziston qonunchiligi O‘zbekiston fuqarolarini mamlakatga kirganidan keyin besh sutka ichida ichki ishlar organlarida majburiy ro‘yxatdan o‘tkazishni nazarda tutadi. Protokol kuchga kirganidan so‘ng ushbu muddat 15 kunga uzaytiriladi.
O‘zgartishlar turizm, savdo va chegaraoldi hamkorligini rivojlantirish, shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi gumanitar va ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.