O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

Toshkentda yil boshidan beri chiptasiz yo‘lovchilarga 80 mingga yaqin jarima solindi

UzDaily tahririyati · 31.07.2026 · 10:00 · 33 views
Toshkentda yil boshidan beri chiptasiz yo‘lovchilarga 80 mingga yaqin jarima solindi
Toshkentda yil boshidan beri chiptasiz yo‘lovchilarga 80 mingga yaqin jarima solindi / Foto: UzDaily.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 2026 yil boshidan beri Toshkent avtobuslarida chiptasiz yo‘lovchilarga nisbatan 79 618 ta maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Bu haqda «Toshkent shahri yo‘lovchi tashishlarni monitoring qilish va nazorat qilish» davlat muassasasi xabar berdi.

Nazorat-reyd tadbirlari muassasa nazoratchilari tomonidan jamoat transportida yo‘l haqini to‘lash madaniyatini oshirish va amaldagi qonunchilik talablariga rioya etilishini taʼminlash maqsadida o‘tkazilmoqda.

Qoidabuzarlarga O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 144-moddasi 5-qismiga muvofiq jarimalar qo‘llanildi. Chiptasiz yo‘l haqi to‘lash uchun jarima miqdori bazaviy hisoblash miqdorining o‘ndan bir qismini, yaʼni 41 200 so‘mni tashkil etadi.

Muassasa maʼlumotlariga ko‘ra, hisobot davrida yo‘l haqini to‘lash qoidalarini buzgan yo‘lovchilardan undirilgan jarimalarning umumiy miqdori qariyb 2 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Muassasada taʼkidlanishicha, yo‘l haqini o‘z vaqtida to‘lash jamoat transporti tizimining barqaror ishlashiga taʼsir ko‘rsatuvchi asosiy omillardan biridir. Yo‘l haqi uchun tushgan mablag‘lar avtobuslar harakatining muntazamligini taʼminlash, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va transport infratuzilmasini rivojlantirishga yo‘naltiriladi.

«Har bir yo‘l haqi to‘lovi jamoat transportini rivojlantirishga qo‘shilgan hissadir. Yo‘l haqini to‘lash orqali yo‘lovchilar transport tizimi ishining qulayligi, ishonchliligi va sifatini oshirishga hissa qo‘shadilar», — deya qayd etdi muassasa.

\