Belarus va O‘zbekiston o‘rtasida «Slavyan karvoni» blok-poyezdi yo‘lga qo‘yildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Birinchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri «Slavyan karvoni» blok-poyezdi 30 iyul kuni Belarusdagi Orsha-Vostochnaya stansiyasidan O‘zbekistondagi Chuqursoy stansiyasi yo‘nalishida yo‘lga chiqdi.
Yangi temiryo‘l xizmati O‘zbekiston Prezidentining 2026 yil 9 iyul kuni Belarusga davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar doirasida yo‘lga qo‘yildi.
“O‘ztemiryo‘lkonteyner” AJ maʼlum qilishicha, shartli ravishda 71 vagondan iborat poyezd tarkibida yog‘ochni qayta ishlash sanoati mahsulotlari, shakar, oziq-ovqat mahsulotlari, omuxta yem va boshqa yuklar tashiladi. Dastlabki bosqichda poyezdni oyiga ikki marta jo‘natish rejalashtirilgan.
Yangi xizmat Belarus va O‘zbekiston o‘rtasida yuk tashish hajmini oshirish, transport-logistika aloqalarini rivojlantirish hamda ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yana-da mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
“O‘ztemiryo‘lkonteyner” AJ mazkur yo‘nalishda import va eksport yuklarini tashish bo‘yicha kompleks transport-logistika xizmatlarini ko‘rsatishga tayyorligini maʼlum qildi. Kompaniya xalqaro tashuvlar sohasida mijozlarga ishonchli xizmat ko‘rsatishni taʼminlaydi.